20.02.2024
Dunyoda taxminan 150 xil akula turi mavjud, lekin baʼzilari juda vahshiy boʻlishiga qaramay, ularning aksariyati mutlaqo zararsiz ekani ajablanarli.
Akulalar koʻp jihatdan boshqa baliqlardan farq qiladi. Masalan, boshqa baliqlarning oyquloqlari (jabralar) ustida harakatlanuvchi qoplamalar joylashgan, akulalarda esa ularning oʻrnida terida shunchaki yoriqlar mavjud. Ularning umurtqasi suyaklardan emas, balki togʻaydan tashkil topgan. Akulalarning yana bir gʻayrioddiy xususiyati bu — ularning tishi. Jagʻ suyagidagi oddiy tishlar oʻrnida akulalar milkida bir necha qator mayda tishlar joylashgan. Tishlar joylashgan teri asta-sekin oʻsib boradi, bir qator eskirgan tishlar esa orqasidan oʻsib kelgan yangilari bilan almashadi.
Akulaning ogʻzi boshining pastki qismida joylashgan. Suv ostida baliq holatini oʻzgartirmasdan ovqatlanadi. Suv yuzasidagi oʻljani ushlash uchun esa u chalqancha oʻgirilishi kerak.
Akulalarning uzunligi 30 santimetrdan 15 metrgacha boʻladi. Eng keng tarqalgan turlari koʻpincha kemalarga ergashib suzadi va odatda shunchalik zararsizki, hatto boshqa baliqlar ham ulardan qoʻrqmaydi.
Biroq akulalarning ikki turi juda xavflidir. Ulardan biri — yoʻlbars akulasi. U tropik suvlarda yashaydi va vazni 270 kilogrammga yetadi. Yoʻlbars akulasi odamga hujum qilishi bilan mashhur. U hatto dengiz sherini yutib yuborishi ham mumkin. Lekin barcha akulalarning eng vahshiysi bu — katta oq akula. Bu tur vakillaridan baʼzilarining uzunligi 12 metrgacha boʻlishi mumkin va tabiati jihatdan ular eng gʻalati baliqlardir. Katta oq akula bemalol odamni yeyishi hamda yoʻlbars akulasi kabi dengiz sherini yutib yuborishi mumkin.
Juda gʻalati, ammo akulalarning eng kattasi mutlaqo xavfsizdir. Bu kit akulasi. Uning uzunligi 15 metrga, vazni esa 18 tonnaga yetishi mumkin. Uning ozuqasi plankton deb nomlanuvchi mayda organizmlar, uning tishlari juda kichik — atigi 3 millimetr.
Demak, hamma akulalar ham xavfli emas ekan! Lekin har ehtimolga qarshi ulardan uzoqroq yurgan yaxshi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.