Nega sigir sut beradi?

Qadim zamonlardan beri odamlar sutni isteʼmol qilishadi va buning uchun maxsus hayvonlarni koʻpaytirishadi. Biz asosan sigir sutini ichamiz, ammo Ispaniyada qodamlar oʻy sutini afzal koʻrishadi.

Choʻllarda yashovchi koʻplab qabilalar tuya, Misrda buyvol, Peruda esa lama sutidan foydalanishadi, boshqa koʻplab mamlakatlardagi odamlar esa echki sutini xush koʻradilar.

Sut — bu tugʻilgan bolalarini boqish uchun urgʻochi sutemizuvchilarning sut bezlarida hosil boʻlgan suyuqlik. U tugʻilishidan oldin ona tanasida bolani oziqlantiradigan qon oʻrnini bosadi. Darhaqiqat, qon hujayralari va pigmentning¹ yoʻqligini hisobga olmaganda, uning tarkibi qonga juda oʻxshaydi.

Sut beradigan hayvon turiga qarab sutning sifati orasida farq mavjud. Ammo unda har doim yogʻ, oqsil, uglevod va minerallar mavjud. Echki sutida sigir sutiga nisbatan ikki baravar koʻp yogʻ bor, kiyiknikida esa bu farq besh baravarga yetadi.

Sutda yangi tugʻilgan hayvon bolasining tanasi uchun zarur boʻlgan tuzlar mavjud. Uning oʻsishi qanchalik tez boʻlsa, ona sutidagi tuzlar ham shunchalik koʻp boʻladi. Buzoq 47 kun ichida oʻz vaznini ikki baravar oshiradi, ammo chaqaloq bu natijaga 180 kunda erishadi. Sigir suti oqsil va tuzlarga juda boy, shuning uchun ham yangi tugʻilgan chaqaloqqa berishdan oldin uni suyultirish kerak.

Ammo bitta hayvon turining suti ham baʼzida bir-biridan farq qiladi. Bu, albatta, naslga va individual tuzilishiga bogʻliq. Qolaversa, sogʻishlar oʻrtasidagi vaqt ham muhim. Har sogʻishning oxirida olingan sut yogʻlarga boy boʻladi. Shunday qilib, agar sigir toʻliq sogʻilmasa, keyingi safar uning suti yogʻliroq boʻladi.

Yashil oʻsimliklar sigirning asosiy ozuqa manbai boʻlgani va qishda u yaylovga chiqolmasligi sababli yozgi sut odatda qishkiga qaraganda toʻyimliroq boʻladi. Har bir litr sutda taxminan 110 gramm qattiq oziq moddalar mavjud. Bu yogʻ, kazein, sut shakari va minerallar.

Keyingi safar sut ichayotganingizda unga qarab, “sen haqingda hammasini bilaman” deyishni unutmang va uni qoldirmasdan ichib qoʻying, shunda sogʻlom va baquvvat boʻlasiz.


[1] Pigment (lotinchadan “pigmentum” — boʻyoq) — organizmlar toʻqimalari tarkibidagi boʻyoq birikma.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!