20.02.2024
Dunyodagi biron jonivorga aylanib qolish imkoni boʻlsa, siz eng oxirgi tanlaydigan jonivor, shubhasiz, skuns boʻlar edi. Biroq skuns — do’stona jonzot va tezda uy hayvoniga aylana oladi. Unda nega hamma uni chetlab oʻtishga harakat qiladi? Albatta, mashhur hidi sabab.
Nega skuns badboʻy hid taratadi? Maʼlum boʻlishicha, ularda sassiq suyuqlikka ega maxsus hidli bezlar mavjud. Skuns uni juda aniqlik bilan chiqaradi.
Ikki bez quyruq (dum) ostida joylashgan. Jonivor dushmanini nishonga olib, 2,7 metr va undan ham koʻproq masofaga suyuqlikni otadi. Baʼzida skuns faqat bitta bezini, ba’zan esa ikkalasini ham ishlatadi. Bezning har birida 5–6 marotaba oʻt ochish uchun yetarli “oʻq-dorilar” mavjud.
Suyuqlik boʻgʻuvchi taʼsirga ega, shuning uchun yaqin atrofda nafas olish juda qiyin. Agar suyuqlik koʻzga tushsa, vaqtinchalik koʻrlikka olib kelishi mumkin.
Ammo skuns ogohlantirishsiz “zarba bermaydi”. Boshida u dumini koʻtaradi yoki oyoqlari bilan depsinadi, shuning uchun juftakni rostlash uchun yetarlicha vaqtingiz boʻladi.
Moʻynalaridan (hayvon terisi) foydalanish uchun skunslarni maxsus fermalarda yetishtirish boshlangach, tabiiyki, bu hidli bezlarni olib tashlash boshlandi. Hozirda skunsning uch: yoʻl-yoʻl va xol-xol dogʻli hamda olachipor turlari mavjud. Ular Shimoliy, Markaziy va Janubiy Amerikada yashaydi. Yoʻl-yoʻl skunsda burnidan kichik qulogʻiga qadar oq chiziq boʻlib, boshqasida chiziq boʻynidan boshlanadi va orqasida ikkiga boʻlinadi. Yoʻl-yoʻl skunslar Kanadadan to Meksikagacha boʻlgan hududlarda yashaydi. Eng kattasining uzunligi 76 sm, dumi 23 sm, vazni esa 13 kg ga yetadi.
Hayvonning old oyoqlari yerdan hasharot va ularning lichinkalarini kavlab oladigan uzun tirnoqlar bilan qurollangan. Agar toʻsatdan yerda juda koʻp kichik chuqurchalarni koʻrsangiz, demak, bu yerdan skuns oʻtgan.
Skunslar odamlarga juda koʻp foyda keltiradi. Chunki ular, asosan, qoʻngʻiz, ari, chigirtka, kemiruvchilar va hatto ilonlar bilan ham oziqlanadi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.