Tuyaqush boshini qumga yashiradimi?

Tuyaqush juda gʻalati qush. U haqida koʻplab qiziqarli maʼlumotlar bor, ammo bularning hammasi ham haqiqatga toʻgʻri kelmaydi.

Keng tarqalgan fikrga koʻra, qoʻrqib ketgan tuyaqush boshini qumga yashirib, oʻzini xavfsizroq his qiladi. Bu vaqtda unga yaqinlashib, osongina ushlab olish mumkin.

Biroq bu hodisaga hech kim guvoh boʻlmagan. Chunki tuyaqush bu ishni qilmaydi! Qush xavfni his qilganda u yerga yotib olib, boʻynini choʻzib diqqat bilan atrofni kuzatishi odamlarni shunday fikrlashga undagan boʻlishi mumkin. Ammo xavf yaqinlashganda, tuyaqush ham boshqa hayvonlar singari harakat qiladi — sakrab turib qochadi!

Tuyaqush ucha olmaydi, lekin bu kamchiligi oʻrnini tez yugurish qobiliyati bilan toʻldiradi. U soatiga 80 km tezlikda harakatlanadi va uni kamida bir kilometr masofagacha ushlab tura oladi!

Tuyaqushdagi hamma narsa “eng” soʻzi bilan bogʻliq: eng tezkor, eng katta, eng ogʻir. Masalan, dunyodagi biror-bir qush yuqorida aytib o’tilgan jihatlarda Afrika tuyaqushi bilan tenglasha olmaydi. Baʼzilarining boʻyi 2,5 metrga yetadi va vazni 130 kg dan oshadi. Tan oling, qanotlar yordamida bunday ogʻirlikni koʻtarish juda qiyin ish, shunday emasmi?

Tuxumlar borasida ham tuyaqush chempion. Uning uzunligi 15-18 sm va diametri 13-15 sm. Agar nonushtaga uni pishirishmoqchi boʻlsangiz, sizga kamida 40 daqiqa vaqt kerak boʻladi. Axir, ular dunyodagi eng katta tuxumlardir! 

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!