Meduza nega chaqadi?

Meduza dengizda topilgan eng gʻalati jonzotlardan biridir. Umuman olganda, u hatto baliq ham emas! Uning skeleti yoʻq va shuning uchun umurtqasiz hayvonlarning katta sinfiga mansub.

Meduzaning 90 foizi asosan oshqozon boʻshligʻini tashkil etuvchi yopishqoqsimon moddadan iborat. Unda miya va qon tomirlari yoʻq.

Meduzalar orasida juda maydalari ham, diametri yarim metrga yetadiganlari ham mavjud. Ular shakli va rangi bilan ham farq qiladi, baʼzilari esa taʼsir etilganda yanada yorqinroq koʻrinish oladi.

Bunday turdagi jonzotlarning “meduzalar” deb nomlanishi ham gʻaroyib tarixga ega. Bu nom boshidagi soch oʻrnida ilonlar oʻsgan mifologik mavjudot “Meduza”nomidan kelib chiqqan.

Uning tanasi soyabonni eslatadi va chetida paypaslagichlar hamda koʻplab mayda koʻzlar joylashgan. Meduzaning ogʻzi tanasining pastki qismi oʻrtasida joylashgan.

Meduza odamlarni oʻzining shu paypaslagichlari bilan juda chaqadi. U shu tarzda oʻljasiga oʻgʻriqli jarohat yetkazadi va uni qoʻlga kiritadi. Meduza chaqib falaj qiladigan eng kichik dengiz jonzotlari uning oʻljasi boʻladi. Shundan soʻng oʻlja paypaslagichlar yordamida ogʻziga kiritiladi. Baʼzi meduzalarning hatto oshqozonida ham chaquvchi aʼzolar bor.

Garchi koʻpchilik meduzalar tanasining qisqarib kengayishi hisobiga suzsada, paypaslagichlari ham suzishiga yordam beradi.

Meduzalarning hayot tarzi ham juda qiziq. Dastlab, uning lichinkalari bir muncha vaqt oʻzi suzib yuradi. Keyin ular dengiz oʻtlari yoki toshlarga yopishib kichik poliplarga aylanadi, asta-sekin oʻsib boradi, nihoyat meduza shaklini olgach, ajralib chiqadi va suzib ketadi. Meduzalarning aksariyati suv yuzasiga yaqin joyda yashaydi, ammo dengiz tubida yashovchi turlari ham mavjud.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!