20.02.2024
Qadim zamonlardan beri jirafalar odamlarda qiziqish uygʻotib kelgan. Qadimgi misrliklar va yunonlar jirafalarni leopard va tuyaning chatishmasi deb hisoblashgan va uni “tuyapard” deb atashgan. Tuyapard, kulgili-a?
Jirafa — yer yuzida yashovchi barcha hayvonlarning eng balandi. Bunga uning uzun boʻyni sababchi. Biroq olimlar undagi uzun boʻyinning kelib chiqishini izohlay olmayaptilar. Mashhur fransuz zoologi Jan Batist Lamark bir vaqtlar jirafaning boʻyni hozirgidan ancha qisqaroq boʻlgan degan nazariyani ilgari surdi. U hayvonning daraxt shoxlarining yuqoridagi nozik yosh barglariga yetishish odati tufayli hozirgi uzunligiga qadar oʻsgan deb hisoblagan. Ammo koʻpchilik olimlar Lamark nazariyasini qabul qilmaydi.
Jirafaning tanasi oʻrtacha ot tanasidan katta emasligi ajablanarli. Uning 6 metrgacha yetishi mumkin boʻlgan uzun boʻyi asosan oyoq va boʻyinga toʻgʻri keladi. Jirafaning boʻynida xuddi odamniki singari faqat yettita umurtqa bor. Ammo har bir umurtqa suyagi juda uzun. Shuning uchun jirafaning boʻyni qotib qolgan va egiluvchan emas. Agar u yerdan suv ichishni istasa, oyoqlarini har tarafga keng yoyishi kerak.
Jirafaning gʻalati koʻrinadigan tuzilishi oziqlanishda unga juda asqatadi. Jirafa faqat oʻsimliklar bilan oziqlanadi va uning baland boʻyi yerda oʻtlar juda kam oʻsadigan Afrika savannasida daraxtlardagi barglarni yeyishga yordam beradi.
Jirafaning tili odatda 46 cm uzunlikka yetadi va uni shu qadar mohirona ishlata oladiki, u tikanli oʻsimliklardan hatto eng mayda barglarni ham shikastlanmasdan yulib olishga qodir. Uzun yuqori labi esa koʻproq barglarni ilib olishga yordam beradi.
Jirafa xavfdan oʻzini turli usullar bilan himoya qila oladi. Avvalambor, terining rangi daraxtlar soyasida ovqatlanayotganda uni deyarli koʻrinmas holga keltiradi. Yaxshi rivojlangan quloqlari va kuchli eshitish qobiliyati tufayli u eng past tovushlarni ham eshita oladi, shuningdek juda yaxshi koʻrish qobiliyatiga ega. Nihoyat, taʼqib qilinganda jirafa soatiga 50 km dan yuqori tezlikda yugurishi va eng tezkor otni ham quvib oʻtishi mumkin!
Unga hujum qilinganda jirafa orqa oyoqlari bilan tepib yoki boshini katta bolgʻa sifatida ishlatib, oʻzini yaxshi jangchi sifatida himoya qilishi mumkin. Hatto jirafani ovlagani chiqqan sher ham har doim unga orqadan yaqinlashib, ehtiyotkorlik bilan harakat qiladi.
Shunday qilib, jirafaning uzun boʻyinliligi sababi uning yaxshi va yomon tomonlari haqida bilib oldingiz. Boʻyi uzun doʻstlaringizni “jirafa”ga oʻxshatishganda ushbu maʼlumotlarni aytib, bu aksincha juda kuchli hayvon ekanini eslatib qoʻying.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.