20.02.2024
Yer yuzidagi eng katta qush umuman ucha olmaydi. Bu Afrika tuyaqushidir. Uning balandligi 2,5 m ga yetadi, vazni esa oʻrtacha 135 kg. Tabiiyki, bunday qushning havoga koʻtarilishini hatto tasavvur qilish ham qiyin.
Uchar qushlarning ikki turi eng yirik qanotlarga ega: bular albatros va kondor. Ushbu qushlar voyaga yetganda oʻrtacha 13 kg vaznga ega boʻladi.
Eng katta uchar qushlar safini sayyor albatros boshlab beradi. Qanotlarining uzunligi 3,5 m dan oshadi. Kondorniki esa 3,5 m ga teng. Undan keyingi oʻrinda Janubiy Amerika, Meksika va Markaziy Amerikada uchraydigan qirol kalxati turadi. Uning qanotlari uzunligi 3 metrni tashkil etadi.
Kattaligi boʻyicha navbatdagi vakil — oq saqoqush (qanotlari uzunligi 2,5 metrdan ortiq) Kanada va AQShning janubiy shtatlarda yashaydi, qishda esa boshqa sohillarga uchib ketadi. Katta tuvaloq — turna bilan bir turga mansub, ulkan gʻozsimon parranda. U Yevropa, Osiyo va Afrikada yashaydi, qanotlari uzunligi 2,5 m dan oshadi.
Keyingi oʻrinlarda yaltirbosh va tillarang burgutlar turadi. Turna (qanotlari uzunligi 2 m gacha), jigarrang saqoqush va sor ham taxminan shu oʻlchamlardagi qanotlarga ega.
Qushlarning parvoz tezliklari turlicha. Qayd etilgan rekord Hindistonning ikkita jarqaldirgʻochlariga tegishli. Ular 3,2 km masofani 36 va 42 soniya ichida, yaʼni 274 va 320 km/soat tezlikda bosib oʻtishgan!
Chaqqonlikda jarqaldirgʻochlardan keyin turadigan eng tezkor qushlar, ehtimol, toʻqay boʻktargisi va uning turdoshlari boʻlsa kerak. Maʼlumotlarga koʻra, ular soatiga 264–288 kilometr tezlikda ucha oladi. Uy kabutarining tezligi 96 km/soat, kolibriniki esa 80–88 km/soatni tashkil qiladi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.