Ilon oyoqsiz qanday qilib harakatlanadi?

Hech qaysi jonzot ilon kabi odamni hayratlantirmaydi. Toʻgʻrimi? Ushbu jonzotlarning 2000 dan ortiq turi mavjud. Ular qutb hududlardan tashqari dunyoning deyarli hamma joyida yashaydilar. Ilonlar tuproqda, yerda, suvda va hatto daraxtlarda ham yashaydi!

Agar siz sudralib ketayotgan ilonni kuzatsangiz, uning bironta mushak yoki suyak harakatini sezmaysiz. Ilonlarning oyoqlari yoʻq, lekin ular toshlar, daraxtlar va uyalarda oʻrmalab yura oladi.

Ilonning usti tangachalar bilan qoplangan. Ular shunday harakat qiladiki, har bir tangachaning orqa qirrasi qattiq joyga tiralib itariladi. Tangacha oldinga siljiganida ilon ham oldinga harakatlanadi.

Ammo ilonning “yurishi”dagi gʻalati narsa — tangachaning oʻzi qanday harakatlanishida. Ilonning koʻp sonli qovurgʻalari bor. Masalan, Afrika qora ilonida ular 145 juft. Har bir qovurgʻa orqa umurtqa qismiga biriktirilgan. Barcha qismlar juda mustahkam bogʻlangani sababli umurtqa pogʻonasi juda egiluvchan.

Har bir juft qovurgʻaning uchi ilonning pastki yon tomonidagi katta tangachalarga ulangan. Qovurgʻa tangachalarni mustaqil ravishda harakatga keltiradi. Shunda ilonning qovurgʻalari uning oyoqlari, tangachalari esa tovoni boʻladi.

Sudralib yuruvchi tezlashishni xohlaganida tanasini S shaklida buklab, tayanchdan itariladi va oldinga ildam qoʻzgʻala boshlaydi. Masalan, boʻgʻma ilon kabi baʼzi ilonlarning skeletlarida evolyutsiya jarayonida yoʻqolib ketgan orqa oyoq izlarini topish mumkin. Shu sababli, ehtimol, qachonlardir ilonlarning oyoqlari boʻlgandir.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!