20.02.2024
Agar biror uy hayvoningiz (mushuk yoki it) boʻlsa, hech uni odamdek his qilgan holatlaringiz boʻlganmi? Xuddi inson hissiyotlarini ifoda etgani kabi u ham goʻyo oʻz his-tuygʻularini izhor qilayotgandek, yaʼni yigʻlayotgandek, baʼzida kulayotgandek tuyuladi.
Aslida esa bunday emas. Odamdan boshqa hech kim yigʻlolmaydi ham, kulolmaydi ham. Albatta, hayvonlar ogʻriqni his qilganda gʻingshishi yoki vangillashi mumkin, lekin koʻz yoshi toʻkmaydi.
Ammo bu hayvonlarning koʻzlarida koʻz suyuqligi yoʻqligini anglatmaydi, u faqatgina koʻz pardasini himoya qilish uchun ishlatiladi. Yig’lash uchun oʻylash va hissiy jihatdan sezgir boʻlish kerak. Hatto bolalar ham yangi tugʻilganida yigʻlay olmaydi. Chaqaloq aslida yigʻlamaydi, faqat chinqiraydi.
Yigʻlash qandaydir darajada muloqot oʻrnini bosadi. Biz boshdan kechirayotgan hissiyotni soʻz bilan ifoda eta olmasak, uni yigʻiga almashtiramiz. Bu refleks (organizmning tashqi muhit taʼsiriga javobi) va bizga bogʻliq emas hamda bizni iztirobga solayotgan his-tuygʻulardan xalos boʻlishimizga yordam beradi.
Kulgi ham faqat insonga xos qobiliyat. Baʼzida biror hayvon kulayotgandek tuyulishi mumkin, ammo bu odamning kulgisidan butunlay boshqacha tabiatga ega. Hayvon kulgisi insonga xos boʻlgan baʼzi aqliy jarayon yoki hissiyotlarning natijasi emas.
Biron bir hazilga kulganimizda shunchaki ongimiz uni kulgili deb biladi. Kulgining koʻp turlari va sabablari mavjud: gʻalati voqealar (masalan, kichkina soyabon koʻtargan yirik va semiz odam), kulgili holatlar (masxaraboz), hazil-mutoyiba va boshqalar. Biz hatto nafrat bilan kulishimiz ham mumkin.
Psixologlarning fikriga koʻra, kulgi — ijtimoiy hodisadir. Biror narsani kulgili deb bilgan odamlar bilan birga boʻlganimizda kulamiz. Hayvonlar esa bu sabablarning hech biri tufayli kulolmaydi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.