Hayvonlar ta’m sezadimi?

Taʼm bilish sezgisi — zavq va lazzat manbai. Aynan shu sezgi bizga ovqatdan huzur qilish imkonini beradi. Ammo u bizga nafaqat yoqimli hislar, balki tanani himoya qilish uchun ham berilgan. Taʼm sezgisi tanamiz uchun xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlarini isteʼmol qilishdan saqlaydi.

Toʻxtangchi, taʼm bilish hissi oʻzi nima? Bu molekulalar toʻqnashuvini sezish imkoniyatidir. Ushbu harakatlanuvchi zarralar taʼm bilish nerviga taʼsir qiladi va biz biron bir taʼm sifatida idrok qilingan signalni qabul qilamiz. Biz faqat molekulalari qaysidir darajada erkin harakatlanadigan suyuq moddalarning taʼmini sezishimiz mumkin. Masalan, shisha boʻlagi biz uchun taʼmga ega emas. Molekulalarni tezroq harakatlanishga majbur qiladigan har qanday narsa taʼmni kuchaytiradi. Shuning uchun issiq taom sovugʻiga koʻra kuchliroq taʼmni bera oladi.

Taʼm bilishga taʼsirchan nervlar kurtaklarga¹ oʻxshaydi. Aynan ular biz taʼm deb ataydigan hisni uygʻotish qobiliyatiga ega.

Ushbu kurtak shaklidagi aʼzolar odam va rivojlangan hayvonlarning tilida joylashgan. Ammo ularning soni har bir tur doirasida farq qiladi. Aytgancha, odamning degustatorlik² darajasi oʻrtacha — uning atigi 3 mingtacha taʼm kurtagi bor. Son-sanoqsiz baliqlarni chaynamasdan yutib yuboradigan kitda ular atigi bir nechta yoki umuman yoʻq.

Qiziq tomoni, choʻchqa odamga nisbatan taʼmga sezgirroq — 5500 ta taʼm aʼzosiga ega. Bu koʻrsatkich sigirda 35 000 ta boʻlsa, antilopada³ esa 50 000 dan ortiq! Koʻrinadiki, hayvonlar nafaqat taʼm bilish sezgisiga ega, balki ularning koʻplarida odamlarga qaraganda bu sezgi ancha rivojlangan.

Koʻpchilik dengiz hayvonlari tashqi tomondan taʼm kurtaklari bilan qoplangan. Masalan, baliqlar taʼmni tananing butun yuzasi bilan tatib koʻrishadi. Pashsha va kapalak kabi jonzotlar esa panjalari bilan ham “degustatsiya” qilishlari mumkin. 

Ilon va kaltakesaklar biron bir narsani “taʼtib koʻrishda” tildan foydalanadilar. Lekin bu jarayon odamlardagidek kechmaydi. Tilining uchi oʻq kabi otilib chiqib, ozuqaning mayda zarralarini ilib oladi. Bu zarralar til yordamida ogʻizning yuqori qismidagi ovqat taʼmi va hidini aniqlaydigan maxsus aʼzoga yetkaziladi.


[1] Kurtak — oʻsimlikning tana va novdalarida boʻrtib paydo boʻladigan, rivojlanib, barg, gul, shox kabi qismlarga aylanadigan aʼzosi.
[2] Degustator — taom va ichimliklarning taʼmi va hidiga qarab, sifatini aniqlovchi mutaxassis.
[3] Antilopa — ikki shoxli, kavsh qaytaruvchi oʻtxoʻr hayvon.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!