20.02.2024
Koʻp ming yillar oldin oʻzlarini kuchli va qonxoʻr dushmanlardan himoya qila olmaydigan hayvonlar boʻlgan. Ular juda tez yugura olmagan, himoyalanish uchun oʻtkir tish yoki tirnoqlari boʻlmagan. Omon qolish jarayonida esa ularda ajoyib ovqatlanish usuli paydo boʻlgan. Ular birinchi imkoniyatdayoq ovqatdan nimanidir ilib olib, chaynamasdan tezda yutib, darhol qochib ketishlari kerak edi. Sababi keyinroq xavfsiz joyda huzur qilib ovqatni xotirjam chaynab olishlari mumkin edi-da!
Bizning kavsh qaytaruvchi hayvonlarimiz evolyutsiya (oʻzgarish) jarayonida asta-sekin shu holatga kelishdi. Shuning uchun ular shunday nomlanadi. Odamlarga foydali deyarli barcha sutemizuvchilar kavsh qaytaruvchi hayvonlardir. Bular — sigir, qoʻy, echki, tuya, kiyik, lama hamda antilopa.
Bu jonivorlar qanday qilib kavsh qaytaradi? Ular 5 qismli oʻziga xos ovqat hazm qilish tizimiga ega. Dastlab — katta qorin, keyin toʻr, qatqorin, shirdon va ichaklar.
Ushbu boʻlimlarning har biri ozuqani hazm qilish jarayonida maʼlum vazifalar bajaradi. Dastavval, ozuqa eng katta qismga — katta qoringa tushadi va bu yerda mikrofloraning¹ taʼsiri ostida bijgʻish² jarayoni sodir boʻladi. Keyin ozuqa toʻrga tushib, chaynashga qulay kichik toʻpchalar shakllanadi.
Soʻngra ular yana ogʻizga tushadi. Odatda, jonivor biron bir joyda dam olayotganda ularni qayta chaynaydi. Nihoyat bu toʻpchalar yana yutib yuboriladi va qatqoringa tushadi. Bu yerdan ular oʻzlashtirish jarayoni boʻladigan shirdonga oʻtadi. Boshqa kavsh qaytaruvchi hayvonlardan farqli oʻlaroq tuyalarda bu boʻlim yoʻq.
Sigirning yuqori tishlari yoʻq. Ammo milki qattiq qistirmaga oʻxshaydi. Sigir oʻtlaganda boshini yonga harakatlantirib, oʻtlarni pastki tishlar yordamida yulib oladi.
Mana, endi nima uchun sigirlar ogʻzini bir tomonga qiyshaytirib tinmay narsa chaynab yotishi sababini bilib oldingiz!
[1] Mikroflora — odamlar bilan uygʻunlikda boʻlgan mikroorganizmlarning umumiy nomi.
[2] Bijgʻish — mikroorganizmlar yoki ular ajratadigan fermentlar ishtirokida organik moddalarning (asosan, uglevodorodlarning) parchalanish jarayoni.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.