Itlar qachon xonakilashtirilgan?
Itlarning ajdodlarini bilasizmi? Itlarning xonakilashtirish jarayoni qanday kechgan?
3 min
Tarix

Yuz minglab yil oldin ulkan mamontlar¹ zich oʻrmonlar bilan qoplangan yer yuzini kezib yurgan. Oʻsha paytda odamlar gʻorlarda yashab, yovvoyi hayvonlarning terisini kiyishgan. Aynan oʻsha vaqtda it odamning doʻstiga aylangan.

Ammo bu darhol sodir boʻlmagan. Dastlab itlar ov paytida odamning orqasidan ergashib, oʻljasining qoldiqlarini terib yurgan. Keyin odam uning boshligʻiga aylangan, chunki toʻda instinkti (tuygʻu) itlarda juda kuchli. Koʻp oʻtmay it ov paytida va uy sharoitida odamga yordam berga boshlagan. Ammo bularning barchasi birinchi yozma maʼlumotlardan ancha oldin roʻy bergan. Shuning uchun bu qachon sodir boʻlganini faqat tosh davri gʻorlarida topilgan it va odam qoldiqlari yordamida ayta olamiz.

Itlar tarixi uzoq asrlarga borib taqaladi. Koʻpgina olimlarning fikriga koʻra, itlar boʻri va chiyaboʻrining chatishishi (birikish) natijasida paydo boʻlgan. Baʼzilar uni faqat boʻrilardan, boshqalari chiyaboʻrilar yoki koyotlardan², baʼzilari esa tulkidan kelib chiqqan deyishadi. Ammo eng keng tarqalgan nazariyaga koʻra, zamonaviy itlar va boʻrilar bir ajdoddan kelib chiqqan.

Ushbu nazariya barcha turdagi it zotlarining oʻlchamlari va tashqi koʻrinishidagi farqlar, shuningdek, ularning odatlarini izohlashga yordam beradi. It yotishdan oldin qulay joy topish uchun asrlar osha orttirilgan odatini qiladi — uch marta oʻgirilib oladi, chunki koʻp yillar oldin ular oʻrmonda barglar yoki oʻtlardan qurilgan uyalarda uxlashgan. Itlarning tez harakatlanish va kurashish uchun moslashgan tana tuzilishi ularning yovvoyi turdan kelib chiqqanini isbotlaydi. Oʻtkir sezgirlik va kuchli eshitish qobiliyati bilan birga yuqoridagilarning barchasi yovvoyi ovchi uchun kerakli xislatlardir.

Vaqt oʻtishi bilan insoniyat tarixi haqidagi maʼlumotlar yozma tarzda yuritila boshlangach, itlar haqida maʼlumotlar paydo boʻldi. Misrdagi 5000 yillik qabrlarda ularning tasvirlari mavjud. Misrliklar itni muqaddas deb hisoblashgan va u vafot etganida butun oila motam tutgan.

Shunday qilib, itlar qadim zamonlardan beri deyarli butun dunyo boʻylab odamlar tomonidan seviladi va qadrlanadi. Ammo istisnolar ham mavjud. Masalan, hindlar hali ham itni nopok deb hisoblashadi.

Agar sizni ham itingiz boʻlganda, unga qanday nom qoʻygan boʻlardingiz? 


[1] Mamont — Muzlik davrida yashagan, hozir qirilib ketgan filsimon bahaybat hayvon.
[2] Koyot — itlar oilasiga mansub yirtqich sutemizuvchi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!