20.02.2024
Bugungi kunda yuzlab yosh, baquvvat, ammo koʻr odamlar oʻz istaklariga koʻra sayr qilish, ishlash hamda yashash uchun yangi imkoniyatga ega boʻlishdi. Sababi bularning barchasini yoʻlboshchi itlar yordamida amalga oshirish mumkin.
Bunday itlarni oʻrgatish — koʻp vaqt talab qiladigan davomli jarayon. Itlar egasi uchun xavfli holatlar oldini olib, buyruqlariga boʻysunishni oʻrganishi kerak. Egasi qanchalik “yur” deb buyruq berishidan qat’iy nazar, hech qaysi yoʻlboshchi it shamoldek uchib kelayotgan mashina oldidan oʻtmaydi.
Yoʻlboshchi itlar koʻpincha nemis ovcharkalaridir¹. Boksyor² va labradorlardan³ ham baʼzan shu maqsadlarda foydalaniladi. Tayyorgarlik uch oy davom etadi. Dastlab turish, oʻtirish, yotish, biror narsani olib kelish kabi oddiy mashqlar har kuni takrorlanadi.
Keyinchalik maxsus jilovli nimcha kiydiriladi. It murabbiyning chap tomonida yarim qadam oldinda yurishni oʻrganadi. Murabbiy oʻzini koʻr odam kabi tutadi, yaʼni turli jismlarga qoqilib ketadi. It doimo jilovda boʻlib, egasini toʻsiq yonidan olib oʻtishi, toʻxtashi va kutib turishi kerak. U toʻgʻri yoʻlni tanlaydi hamda mashinalarni oʻtkazib yuboradi. Yoʻlboshchi it egasiga boʻysunsa ham, faqat xavfsiz paytda yuradi.
It koʻr egasiga berilishidan oldin murabbiy yakuniy sinov oʻtkazadi. Murabbiy koʻzlarini bogʻlab oladi. It esa uni serqatnov yoʻldan oʻtkazishi kerak boʻladi. Bu “yakuniy test”ga oʻxshaydi.
Keyin esa it egasi bilan 4 hafta davomida birgalikda mashq qiladi. Ular har kuni eng oddiy buyruqlarni takrorlashadi. It bularning barchasini faqat egasining maqtovi evaziga bajaradi. Soʻng qizgʻin sayrlarga oʻtiladi va it egasi oʻzaro xabar almashadigan jilovni boshqaradi.
Tez orada ular, avvalo, murabbiy nazorati ostida shahar koʻchalari boʻylab harakatlanishga tayyor boʻladi. It mohirlik bilan olomon ichida yoʻl topadi, xavfli joylarni aylanib oʻtadi va jilov har gal tortilganda toʻxtaydi. Endi it va uning egasi bitta jamoa kabi birgalikda harakatlana boshlaydi. Ular yangi, erkin hayotni boshlash uchun uyga ketishadi.
[1] Ovcharka — qoʻriqlovchi itlar zoti.
[2] Boksyor — Germaniyada rivojlangan o‘rtacha va katta hajmli, kalta tukli it zoti.
[3] Labrador — kalta tukli; sariq, qora yoki jigarrang katta it.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.