Mushuklar qachon xonakilashtirilgan?

Mushuklar juda qadimgi hayvonlardir. Hatto million yillar avvalgi mushuklarning qoldiqlari topilgan.

Bizga juda yaxshi tanish uy mushuklari yovvoyi mushuklardan kelib chiqqan. Ammo aynan qaysi biridan ekani noma’lum. Chunki bu juda qadimda boʻlgan. Ehtimol, mushuklarning barcha tur yoki zotlari ming yillar oldin Yevropa, Shimoliy Afrika va Osiyoda ikki yoki uchta kichik yovvoyi mushukdan kelib chiqqandir. 

? Mushuklar ilk bor taxminan 5000 yil oldin xonakilashtirilgan deyishadi. Biz 4000 yil oldin misrliklarning xonakilashtirilgan mushuklari boʻlganini tarixdan bilamiz. Oʻsha davrlarda odamlar ularga sigʻinishgan va baʼzi xudolarning koʻrinishi mushukning boshi bilan tasvirlangan. Hatto mushuklar uchun qurbonliklar ham qilishgan.

Uy mushugi oʻlganda misrliklar oilasi va ularning barcha xizmatkorlari qoshlarini qirib tashlab motam tutishgan. Ibodatxona mushugi oʻlib qolsa, butun shahar aza tutgan. Firʼavnlar va aslzoda saroy ahlining mumiyolari¹ singari ushbu hayvonlarning ham koʻplab mumiyolari topilgan. Mushuk oʻldirganning jazosi faqat oʻlim boʻlgan!

Aftidan, miloddan avvalgi 1000-yilgacha Yevropada xonaki mushuklar boʻlmagan. Qadimgi davrlarda yevropaliklar bu hayvonlarga misrliklarga nisbatan ancha boshqacha munosabatda boʻlishgan. Uning ichida shaytoniy ruh bor deb ishonishgan. Koʻpincha iblis qora mushuk qiyofasida tasvirlangan va jodugarlar mushuklarga aylanadi degan rivoyatlar boʻlgan.

Itlar kabi mushuklarning ham turli xil zotlari mavjud va ayrimlari bir-biridan farq qiladi. Uzun yungli mushuklarni qisqa yungli mushuklardan ajratish oson. Uzun yunglilardan eng mashhurlari — angoriy va fors zotlaridir.


[1] Mumiyo — jasadni maxsus kimyoviy modda bilan chirimaydigan qilish.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!