O‘rdak nega cho‘kmaydi?

“Oʻrdak” soʻzini ishlatganimizda qushlar oilasiga mansub jonzotlar — bizga tanishlaridan tortib osmonda saf tortib uchadigan yovvoyi sayohatchilargacha, juda koʻp turdagi qushlarni nazarda tutamiz. Oʻrdaklar oilasiga oqqush, gʻoz, baliqchi oʻrdaklar va boshqa turli xil oʻrdak turlari kiradi.

Yovvoyi oʻrdaklarning aksariyati Kanada chegarasida Uzoq Shimoldagi yakkam-dukkam (noyob) daraxtlar uchraydigan joylarda yashaydi. Faqat qishda ular markaziy va janubiy shtatlarga uchib kelishadi. Ammo janubda ular qisqa vaqt qoladilar. Shimolda muz eriy boshlagach, uylariga, oʻzlarining sevimli yashash joylariga — suv havzasi, daryo, botqoq, koʻl va dengiz qirgʻoqlariga qaytadilar.

Oʻrdaklar muzdek suvda muammosiz suzishadi. Buning siri nimada ekaniga hech qiziqib koʻrganmisiz?

Sababi shundaki, oʻrdak tanasi suv oʻtkazmaydigan patlar bilan zich qoplangan. Quyruq (qanot) yaqinidagi bezlar yogʻli suyuqlik ishlab chiqarib patlarni namlaydi. Pat ostida qalin momiq qatlam bor. Hatto oʻrdaklarning parda bilan qoplangan oyoqlari ham qishning sovugʻidan himoya qiladi. Oyoqlarida qon tomirlari va nervlar yoʻqligi sababli ular sovuqni sezmaydi.

Oʻrdakning oyoqlari tananing orqa tomonida joylashgan, bu ularga juda yaxshi suzish imkonini beradi va quruqlikda oʻziga xos lapanglab yurishlariga yordam berdi. Oʻrdaklar havoda tez harakat qila oladi va qisqa parvozlarda soatiga 112 km tezlikka erisha oladilar. Koʻpchilik oʻrdaklar suvga yaqin yerga uya quradi. Uyani nozik oʻsimliklardan qurib, koʻkraklari bilan ezib tekislaydilar. Joʻja ochish paytida modalari (urgʻochi) tuxumlarni koʻkragi bilan isitadi. Oʻrdak 6–14 tagacha tuxum qoʻyadi va oʻzi ularni bosib oʻtiradi.

Qushlar juftlashish davridan keyin tullashadi¹. Qanot patlari oʻsib chiqquniga qadar ular ucha olmaydi. Bu vaqtda oʻzlarini dushmanlardan himoya qilish uchun ular juda sokin boʻlib, eʼtibor tortmaslikka harakat qilishadi.

Dunyo boʻylab oʻrdaklarning 160 ga yaqin turi mavjud va ular Antarktidadan tashqari barcha qitʼalarda uchraydi.


[1] Tullamoq — pat, teri yoki yungini tashlab, yangi pat, teri yoki yung chiqarmoq.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!