Nega boyqush “donishmand” qush sanaladi?

Qushning kelib chiqishi yoki xatti-harakatida biroz gʻayrioddiylik boʻlsa, bu borada koʻpincha irim-sirimga bog‘liq fikrlar paydo boʻladi. Boyqush juda gʻalati koʻrinishga ega qush bo‘lib, uning xatti-harakatlari boshqa qushlardan ancha farq qiladi. Shuning uchun ham boyqush bilan bog‘liq ko‘plab afsonalar yaratilgan. Qadimgi davrlarda u baxtsizlik keltiradigan qush deb hisoblanganini bilarmidingiz? Rimliklar boyqushdan shunchalik nafratlanganki, uni kunduzi shaharda koʻrib ushlab olishsa, yoqib yuborishgan va kulini Tibr daryosiga oqqizishgan.

Biroq Angliya va boshqa joylarda u koʻpincha “keksa donishmand boyqush” deb hisoblangan. Aftidan, bu uning yuqori aqliy salohiyati tufayli emas, balki tashqi koʻrinishi bilan bogʻliq. Uning yulduzga oʻxshash katta koʻzi sizga oʻychanlik bilan qarayotganga oʻxshaydi. Aslida, bu koʻzlar kunduzgi yorugʻlikka juda taʼsirchan. Bundan tashqari, ular noodatiy joylashgani sababli boyqush atrofidagi narsalarni koʻrishi uchun boshini burishiga to‘g‘ri keladi.

Boyqushlar dunyoning barcha burchaklarida, ayrim turlari hatto Arktikada ham yashaydi. U yerda boyqushning patlari qordek oppoq rangda. Boyqushlar faqat tunda ov qiladi, ular juda oʻtkir koʻrish va eshitish qobiliyatiga ega. Kechasi qush sevimli ovqati boʻlgan sichqonning deyarli sezilmaydigan harakatini ham payqay oladi.

U oʻljani panjalari bilan ushlab, oʻtkir tirnoqlarini qopqon singari botirib oladi, olmaxon va quyon kabi kichik hayvonlarni ham ovlaydi.

Besoʻnaqay bo‘lib tuyulgan boyqush juda tez uchadi. Patlari popuk kabi mayin va yengil boʻlgani tufayli u tovushsiz uchadi. Momiqday paxmoq patlari esa bu qushni aslidan kattaroq koʻrsatadi. 

U boshi qushnikiga oʻxshamaydigan yagona qushdir!

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!