20.02.2024
Havoda gul ustida bir necha daqiqa muallaq turgan kolibrilarni koʻrganmisiz? Kichkinagina tumshuqchasi gul ichiga kirib, keyin toʻsatdan qaytib chiqqanida havoda uni hech narsa ushlab turmaydi.
Qush qanotlarini shunchalik tez silkitadiki, bu unga havoda muallaq turishiga imkon beradi. Bu mayda qanotchalar shunchalik tez harakat qiladiki, biz faqat qandaydir lipillashni payqashimiz mumkin.
Kolibri boshqa barcha qushlar kabi uchmaydi. U qanotlarini soniyasiga 55 marta silkitadi. Barmogʻingizni iloji boricha tezroq koʻtarib tushirishga harakat qilib koʻring. Buni koʻpi bilan soniyasiga 2–3 marta qila olishingiz mumkin. Bunday hayratlanarli qanot qoqish tezligi kolibri oziqlanishining oʻziga xos xususiyatlari uchun zarur. U gul nektari va uning ichidagi mayda hasharotlar bilan oziqlanadi. Ammo bu oʻsimliklar odatda shunchalik kichik va nozik boʻladiki, ular hatto kolibri kabi qushchaning vazniga ham bardosh bera olmaydi. Ammo u qanotlarini shu qadar tez silkitib, tumshuqchasi bilan nektar va hasharotlarni olmaguncha havoda muallaq tura oladi.
Kolibri koʻpincha Shimoliy Amerikada uchraydi, uning tomogʻi yoqut rangda boʻlib, uzunligi tumshugʻining uchidan dumining uchigacha 8–10 santimetr. Bunday jajji oʻlchamda boʻlishiga qaramay, u oʻz uyasini katta jasorat bilan himoya qiladi. Kolibri uyasiga hujum qilmoqchi boʻlgan qargʻa va qirgʻiylarni haydab solishi maʼlum.
Kolibri uyasi bu — maydagina javohirot. U oʻsimlik, oʻrgimchak toʻri va yoʻsindan kichik kosacha shaklida boʻladi. Unda toza va oq tuxum boʻlib, ularning soni hech qachon ikkitadan ortiq boʻlmaydi.
Endi dunyodagi eng mitti qush qaysi deyishsa, ikkilanmasdan kolibri deb aytaverasiz. Yana havoda qanday muallaq turishi haqida ham aytishni unutmang-a.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.