Suvsiz yashay oladigan baliqlar ham bormi?

Baliq tanasida hayvonlarga xos bo‘lgan barcha jarayonlar sodir boʻladi va buning uchun unda hamma kerakli aʼzolar mavjud. Odamlarda koʻpincha baliqning yuragi bor-yoʻqligi, eshita olishi yoki hid bilishi haqida savollar tugʻiladi.

Baliqlar oshqozon-ichak, asab tizimiga ega, ogʻriq va noqulayliklarni his qilishi mumkin. Ular kuchli sezish tuygʻusiga ega va taʼmni butun terisi bilan sezadi. Shuningdek, baliqda hid chiqarish aʼzolari va ichki quloqlari ham bor.

Baliqlar doimiy ravishda suv oʻtib turadigan oyqulogʻi yordamida nafas olishini bilamiz. Ammo suvsiz ham birmuncha vaqt yashay oladigan baliqlar ham bor.

Uchar baliq juda gʻaroyib jonzot. U dumini juda tez harakatlantirib, shiddat bilan suzadi. So‘ng qanotlarini yoyib, katta tezlikda suvdan “sakrab” chiqadi. Shu tezlik bilan suv ustidan bir necha yuz metr uchib oʻtishi mumkin.

Bundan ham gʻayrioddiy baliq bu — oʻrmalovchi (tirmashuvchi) olabugʻa. Uzoq Sharqda uchraydi, ayrimlarining uzunligi 8 dan 20 sm gacha yetadi. Ular oyqulogʻini qoplagan harakatlanuvchi tangachalari yordamida yerga tirmashib, qirgʻoqqa chiqadi. Quyruq va qanotlariga tayanib, yer ustida “sayr” ham qila oladi. Hatto ularni taxminan 1,5 m balandlikdagi daraxtlarda ham uchratsa bo‘ladi. Bu gʻaroyib jonzotlarning oyqulogʻi shu qadar moslashganki, ular birmuncha vaqt havo bilan ham nafas olishi mumkin.

Balchiq shkiperi bu — nimasi bilandir itbaliqqa oʻxshab ketuvchi baliq. Old suzgichlari yordamida yerda “sakrab yugurishi”, daraxtlarga koʻtarilishi mumkin. Afrikadagi baliq turlaridan birining oʻpkasi shu qadar rivojlanganki, u suvsiz ham yashay oladi. Yilning yogʻin-sochinsiz davrida loyga kirib, pillaga aylanib, butun yozni suvsiz oʻtkazishi mumkin.

Tabiat o‘z mo‘jizalari bilan bizni hayratga solishdan hech to‘xtamasa kerak?!

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!