20.02.2024
Ilonlarning 2000 dan ortiq turi mavjud. Ushbu jonzotlar odamlarda salbiy taassurot qoldirgani tufayli ham ular haqida koʻplab notoʻgʻri maʼlumotlar paydo boʻlgan. Masalan, manbalarda insonda dahshat uygʻotuvchi, uzunligi 18 metrdan 21 metrgacha boʻlgan dahshatli ilonlar bor deyiladi. Aslida ilonlarning ayrimlari katta boʻlsa ham, ular hech qachon bunday gigant oʻlchamgacha oʻsmaydi. Oʻlchami boʻyicha birinchi oʻrinni uzunligi 10 metrga yetadigan qirol pitoni egallaydi. Xonangizni oʻlchab koʻrib, uning oʻlchamini tasavvur qilishingiz mumkin. Bu jonivor Malakka yarimoroli, Birma, Hindixitoy va Filippin orollarida yashaydi.
Kattaligi boʻyicha ikkinchi oʻrinda Janubiy Amerika issiq hududlarida yashovchi anakonda turadi. Uning uzunligi 7 metrga yetadi. Albatta, u ham “kalta” emas.
Keyingi oʻrinni egallagan hind pitoni Hindiston va Malakka yarimorolida yashaydi hamda 6–7 metrgacha oʻsadi. Afrikalik qoya pitoni ham taxminan shu oʻlchamga ega. Avstraliya va Yangi Gvineyada yashovchi olmos pitoni uzunligi 6,5 metrgacha boʻladi.
Endi koʻpchilik ayrim sabablarga koʻra dunyodagi eng katta deb hisoblaydigan ilon haqida gapirib oʻtamiz. Bu — boʻgʻma ilon. Biroq ularning aksariyatining uzunligi atigi 5 metrga yetadi. Ushbu yoqimsiz jonzot Janubiy Meksika, Markaziy va Janubiy Amerikada yashaydi.
Qirol kobrasi — “qirol oilasi”ning yana bir yoqimsiz aʼzosi uzunligi maksimal 5,5 metrga yetadi.
AQShda eng uzun ilonlarning qaysi biri yashaydi? Ular ichida eng yirigi — sharq olmosli shaqildoq iloni. U 2 metrgacha oʻsadi. AQShda yashovchi boshqa barcha ilonlar 2 metrdan oshmaydi.
Aytgancha, qirol pitoni eng uzun ilon boʻlsa-da, u eng ogʻir ilon emas. Kaltaroq anakonda vazni 160 kg gacha yetadi. Bu miqdor esa pitonlarning eng ogʻiridan 45 kilogrammga koʻproq.
Zaharli ilonlarning eng uzuni — qirol kobrasi, eng ogʻiri esa olmosli shaqildoq ilondir.
Siz ilon koʻrib qolganingizda nima qilgansiz yoki qilasiz? Nimaga ilonlar tilini tez-tez chiqarar ekan-a?
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.