Qishda qurbaqalarga nima bo‘ladi?

Agar siz suv havzasiga yaqin joyda yashasangiz, unda qish kelishi bilan uning qanchalik sokin boʻlib qolishini payqagansiz. Qurbaqalarning qurillashi yoʻqoladi. Ammo ularning oʻzlari-chi? Yoʻq. Ular oʻsha yerda boʻlishadi, lekin siz ularni koʻrolmaysiz va eshitolmaysiz. Qurbaqalar sovuqqon jonivorlar guruhiga mansub ekani maʼlum, ular suvda ham, quruqlikda ham yashay oladi. Bunday jonzotlar amfibiyalar deb ataladi va bu “ikki tomonlama hayot” degan maʼnoni anglatadi.

Voyaga yetgan qurbaqada oʻpka boʻladi, ammo u havodan odamlardek nafas olmaydi. Havo ikki burun teshigi orqali ogʻizga kiradi va u yerdan halqumga tushadi. Keyin burun teshiklari yopiladi, qurbaqa halqumini siqadi hamda havo oʻpkaga kiradi.

Shimoliy mamlakatlarda ob-havo sovigach, qurbaqalar suv havzasiga shoʻngʻib oʻzlarini balchiqqa koʻmadilar va qish oxirigacha u yerda qolishadi. Sovuq qishda ham hovuz tublari muzlamaydi, shuning uchun qurbaqalar ham muzlab qolmaydi.

Biroq ular haqiqatan ham juda sovib ketishadi. Agar amfibiya sovisa, unga kislorod juda kam kerak boʻladi. Chunki u juda oz miqdordagi ovqatni hazm qiladi. Bu esa qurbaqa nima uchun havodan nafas olmasdan butun qish davomida suv ostida qolishi mumkinligini isbotlaydi.

Suvda kam miqdorda kislorod bor va zarur boʻlganda qurbaqa bu oz miqdorni terisi orqali qabul qiladi. Baʼzan amfibiyalar qishni muzlamagan sayozlikdagi chuqurchalar yoki keng toshlar yoxud yerostida yashirinib oʻtkazadilar.

Qurbaqalar kattaligi, shakli va rangi jihatidan juda farq qiladi. Baʼzi daraxtda yashaydigan qurbaqalarning uzunligi 25 millimetrdan oshmaydi, leopard qurbaqalarining kattaligi esa 50 mm dan 100 mm gacha boʻladi. Buqasimon qurbaqalar esa qarindoshlari orasidagi gigantlardir. Bu jonzotlardan birining uzunligi 20 santimetr va oyoqlari uzunligi esa 25 santimetr boʻlgan. Ushbu turga mansub voyaga yetgan qurbaqa, odatda, toʻq yashil yoki jigarrang boʻladi, shuning uchun uni loyqa sayozliklarda yoki oʻtlar orasida sezish qiyin.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!