20.02.2024
Mevalar daraxtdan tushib, bir necha kundan soʻng chiriy boshlaganida ularga qayerdandir kelgan mayda pashshalar qoʻnishini payqagandirsiz? Ular qayerdan keladi va qanday hasharot?
Meva pashshalarining ikki turi mavjud. Oʻrta dengiz meva pashshasi toʻq sariq va qora dogʻli uy pashshasiga oʻxshaydi. Bu eng zararli turlardan biri hisoblanadi. Bu xildagi pashsha urg‘ochilari pishmagan meva va sabzavotlarga tuxum qoʻyadi. Koʻpaygan mayda pashshalar meva poʻsti bilan oziqlanadi. Shu tarzda ular butun hosilni yoʻq qilishi mumkin.
Uyda chirigan mevalar ustida uchib yuradigan mayda pashshalar drozofilalar deb ataladi. Ular xavfsiz. Urgʻochisi chirigan mevalarni qidiradi, chunki tuxumlarini faqat chiriy boshlagan mevalarga qoʻyadi. Yangi tug‘ilgan pashshalar faqatgina chirigan mevalardagi moddalar bilan oziqlanadi.
Drozofila yoki mayda meva pashshasi — fanga maʼlum eng foydali hasharotlardan biri. Chunki undan irsiyat, yaʼni ota-onadan naslga oʻtadigan xususiyatlarni oʻrganishda foydalaniladi. Agar bu muammo odam misolida oʻrganiladigan boʻlsa, avlodlar rivojlanishini juda uzoq kutish kerak boʻlar edi. Masalan, 30 avlodni oʻrganish uchun 500 yil yoki undan ham koʻproq vaqt ketadi. Ammo mevali chivinlar orqali 30 avlodni bir yilda oʻrganish mumkin.
Olimlar oʻz tajribalarida drozofiladan quyidagicha foydalanadi. Pashshalar laboratoriyada “medium” deb ataladigan maxsus eritma yordamida oʻstiriladi. Taxminan oʻn kun ichida meva pashshalari voyaga yetadi. Oʻninchi kunga kelib ular juftlashish va yangi nasl qoldirishga tayyor boʻladi.
Pashshalar olim xohishiga koʻra turli xil kombinatsiyalarda¹ chatishtirilishi mumkin. Oʻsha kunning oʻzidayoq bir necha soat ichida urgʻochi drozofila minglab yangi pashshani dunyoga kelishi uchun yetarlicha tuxum qoʻya oladi. Ularni oddiy koʻz bilan va mikroskop ostida oʻtkazilgan jarrohlik amaliyoti yordamida oʻrganish mumkin. Irsiyat haqidagi bilimlarning aksariyati drozofila pashshalarni oʻrganish orqali kelib chiqqan.
Aytgancha, pashshada tish boʻlmasligi, ular oyoqlari orqali oziqlanishini bilarmidingiz?
[1] Kombinatsiya — bir turdagi narsalarning yoki biror narsa turlarining maʼlum tartibda uygʻunlashgan yoki oʻzaro izchil joylashgan, qoʻshilgan birikmasi, majmua.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.