Asalari asalni qanday tayyorlaydi?

Asalari asalni oʻziga ozuqa sifatida tayyorlaydi. Demak, asal tayyorlash asalari toʻdasi uchun ovqat tayyorlash deganidir. U qiladigan birinchi ish bu — gullarni izlab topish va ulardan nektar¹ olish. Keyin u nektarni maxsus asal xaltachasiga olib oʻtadi. Bu xaltachasimon joy asalari qorinchasi oldida joylashgan, bu boʻshliqni qorinchadan maxsus klapan (yoʻl) ajratib turadi. 

Asal tayyorlash asalari ogʻzidan boshlanadi. Nektar tarkibidagi shakar kimyoviy reaksiyaga kirishadi. Keyingi bosqichda nektardagi ortiqcha suv siqib chiqariladi, bu hodisa uyadagi issiqlik va havo almashinuvi yordamida sodir bo‘ladi. 

Asalari keltirgan mumkataklardagi asalda tabiiy nektar suvi shunchalik koʻp boʻladiki, bu asalning umrbod saqlanishiga yordam beradi. U kelajakda asalariga ozuqa bo‘lib yetilishi uchun mumkataklarga joylashtiriladi.

Asalari nektar topa olmaganda oʻsimlik yoki qoʻngʻizdan ajraladigan har qanday shirin suyuqlikni yigʻib oladi.

Asal uyadan turli usullar bilan olinadi. Asalni mumkatakdan bosim bilan ajratib olish yoki mumkatakni uyadan sindirib olish mumkin. Asalning katta qismini asal ajratgich deb atalgan maxsus mashina yordamida yig‘ib olishadi. Mashina markazga intilish kuchidan foydalanib, asalni mumkatakdan oqib tushiradi. 

Nektar qanday guldan olingani va uya qayerda joylashganiga qarab asal ancha farqlanadi. Asal ajoyib miqdordagi moddalarni o’z ichiga oladi. Asosiy tarkibiy qismlar fruktoza² va glyukoza³ deb nomlanuvchi ikki turdagi shakardir. Bundan tashqari, asal ichida oz miqdorda saxaroza (shakarqamish), maltoza (solod shakar), dekstrin (uglevod guruhi), mineral moddalar, turli fermentlar⁴, kam miqdorda koʻplab vitaminlar, ozgina protein (oqsil) va kislotalar mavjud.

Asal rangi va taʼmiga koʻra har xil boʻladi. Bu nektar aynan nimadan olinganiga qarab oʻzgaradi. Asal qilinadigan hududlarda nektar yigʻishga yaroqli bir nechta oʻsimlik turi yetishtiriladi xolos. AQShning shimoli-sharqiy qismida klever, gʻarbida — lyuserna, Yevropada esa veresk gullari shular jumlasidandir.


[1] Nektar — gulning shirasi, gulshira.
[2] Fruktoza — meva va asalda koʻp miqdorda uchraydigan shirin taʼmli, rangsiz modda.
[3] Glyukoza — hoʻl mevalardagi shirin modda; uzum shakari.
[4] Ferment — tirik hujayrada ishlab chiqariladigan va organizmda modda almashinuvini tartibga solib turadigan organik modda.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!