Asalarilar o‘zaro qanday xabarlashadi?

Ishchi ari nektarli¹ gul topganida boshqa arilarga qanday xabar beradi? Ularga bu qanday gul, qanchalik uzoqda va qaysi yoʻnalishda ekanini qanday yetkazadi?

Asalarining shunday maʼlumotni yetkazish usuli — tabiatning eng ajoyib mo‘jizalaridan biri. Avvalo, asalari tili instinkt² ekanini aytib oʻtamiz, ular bir-birining tilini oʻrganmaydi, balki maʼlum bir yoshga toʻlgandan soʻng avtomatik ravishda unga ega boʻladi.

Asalari tili hid va raqs tili hisoblanadi. Ular nektar yoki gulchangni topgach, uyga qaytib, toʻgʻri shakldagi doiralarni qayta-qayta ko‘rsatib raqsga tushishni boshlaydi. Raqs boshqa asalarilar eʼtiborini tortadi. Shu tarzda nektar yoki gulchang qayerdan topilganini ularga tushuntirib beradi. Qolgan asalarilar qaytib kelganning hidiga qarab shira topilganini bilib oladi.

Agar ari qizgʻin raqsga tushsa, demak, koʻp miqdorda ozuqa topilgan. Ushbu vaziyatda koʻp asalarilar qidiruv uchun uchib ketadi. Raqsga koʻra nektar yoki gulchang topilgani aniqlansa, asalari hididan qaysi gulni izlash kerakligi, raqs tezligidan esa topilgan ozuqa miqdorini bilib olsa boʻladi.

Ammo bularning barchasi faqat uyadan 100 metr masofada joylashgan gullarga tegishli. Asalari kerakli oʻsimlikni uzoqroq joyda topganda uyaga kelib, boshqacha raqsga tushadi. U doiralarni tasvirlash oʻrniga sakkiz shaklida harakat qilib, ikkita halqani toʻgʻri chiziq bilan bogʻlaydi. Shu bilan birga qorinchasini u yoqdan bu yoqqa silkitadi. Eng qiziqarlisi, u ushbu raqs orqali boshqa asalarilarga qaysi yoʻnalish va qancha masofaga uchish kerakligini ham tushuntirib beradi. Bir daqiqa ichidagi burilishlar soni masofani bildiradi. Joy qanchalik uzoq boʻlsa, sakkiz shunchalik kam tasvirlanadi. Masalan, bir daqiqadagi 11 ta burilish 2 700 metr masofaga teng. Tasvirlangan sakkiz shakli halqalari orasidan asalari uchib oʻtgan tik chiziq esa aniq yoʻnalishni koʻrsatadi. Chiziq Quyoshning osmondagi holatiga koʻra belgilanadi, shuning uchun boshqa asalarilar toʻgʻri burchakni darhol aniqlaydi.

Hovlingizda asalarilar uchib yurganini ko‘rganmisiz? Ular koʻpincha qaysi gullarga qoʻnadi?


[1] Nektar — gul shirasi, gulshira.
[2] Instinkt — tirik organizmning tashqi va ichki muhit ta’siriga nisbatan tug‘ma hamda maqsadli harakatlari yig‘indisi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!