20.02.2024
Ming yillar oldin xitoyliklar ipak qurti pillasidan yigirilgan matodan kiyim ishlab chiqarish sirini bilib olgan. Bu sir qat’iy maxfiy tutilgan va kimdir Xitoydan ipak qurti yoki uning tuxumlarini chetga chiqarsa, oʻlimga mahkum qilingan.
Hozirda ipak qurti nafaqat Xitoy, balki Yaponiya, Hindiston, Fransiya, Ispaniya, Italiya va boshqa koʻplab mamlakatlarda ham keng tarqalgan. Eng yaxshi ipak oq tut barglari bilan oziqlanadigan, mayda kulrang-oqish rangdagi kapalak qurtlari tomonidan tayyorlanadi.
Yoz boshida har bir urgʻochi kapalak 500 dan ortiq tuxum qoʻyadi. Ular tut daraxti yana barg yozishni boshlaydigan keyingi bahorgacha qogʻoz parchasi yoki kiyim-kechakda yaxshi saqlanadi. Inkubatorga joylashtirilgan tuxumlardan mayda qora qurtlar paydo boʻladi. Tut barglari toʻshalgan patnisga qoʻyilgan qurtlar olti hafta davomida doimiy ravishda ovqatlanadi.
Qurtlarning boshini zoʻrgʻa oʻgira boshlashi ularning pilla oʻrashga tayyor ekanini anglatadi. Ular uchun patnisga kichik novdalar qoʻyiladi. Qurtlar jagʻidagi kichik teshikdan tortib olinadigan koʻrinmas ip bilan oʻzini oʻrab oladi. Shunday qilib, 460–1100 metr ipdan iborat pilla taxminan 72 soatdan keyin tayyor boʻladi.
Pilla ichida 12 kundan keyin kapalakka aylanadigan, burishib qolgan qurt boʻladi. Pilla barcha iplarni maʼlum bir shaklda ushlab turadigan, ipak yelimini eritadigan iliq suvli tarnovlarga joylashtiriladi.
Bir nechta pilladan olinadigan iplar birlashtirilib, gʻaltakka oʻraladi. Shundan soʻng keyingi — xom ipakni yigirish bosqichi keladi. 10–12 ta alohida pilla tolalaridan iborat bu ip yakkaqavat ipak ip deb ataladi.
Ipak buyumlarini xarid qilganimizda, ularning qaysi ipdan — ikki yoki uch qavatlidan toʻqilgani qayd etilganini ko‘rishimiz mumkin. Bizning davrimizda neylon shu qadar ommabop va arzon boʻldiki, ipakning oʻrnini bosa boshladi. Ammo ipak har doim oʻzining goʻzalligi, sifati va yumshoqligi uchun qadrlanadi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.