20.02.2024
Aslida ari o‘z uyasini qurish uchun nimadan foydalanmasligini soʻrash toʻgʻriroq. Ehtimol, uya qurishda arxitekturaning (bino va inshootlarni qurish va bezatish sanʼati) turli shakllari va materiallaridan foydalanadigan boshqa hasharot boʻlmasa kerak.
Ari chumoli va asalari bilan bir oilaga mansub. Ularning ko‘plab turini ikki katta guruhga — jamoat va yolgʻizlarga ajratish mumkin. Qovogʻari va sariq arini oʻz ichiga olgan jamoat arilar asalarinikiga oʻxshash koloniyalarda yashaydi. Ammo ular har yili bir xil tarkibda qolmaydi. Sovuq qishda har yili deyarli butun koloniya nobud boʻladi.
Barcha jamoat arilar oʻz uyasini yogʻoch yoki o‘simlik tolalarini chaynash orqali ishlab chiqaradigan turli qogʻoz navlaridan quradi. Boshqa arilar uyasini uy devori, daraxt shoxi yoki toshlarga yopishtiradi.
Yolgʻiz arilar oʻz uyasini qogʻozdan qurmaydi. Masalan, tuproq arilari yerda uzun, tor uya qaziydi. “Duradgor ari”lar esa uyasini yogʻochga quradi. Unda tunnellar qazib, u yerga baʼzi hasharotlarning “shirali jasad”ini olib keladi va tuxum qoʻyadi. Soʻng boshqa uyaga uchib ketadi.
“Kulol ari”lar kichik koʻza shaklida, loydan yasalgan uyalarga tuxum qoʻyadi. Ularning har biri novdaga biriktiriladi. Balchiq arisi kichik kosa shaklida loydan yasalgan uyasini bino yoki toshlarga yopishtiradi. Tuproq arisining bir turi uya qurishda asbobdan foydalanadigan yagona hasharotdir. U uyani astoydil berkitib, jagʻida ushlab turgan mayda toshchalar bilan yerni zichlab chiqadi.
Arilar oʻz avlodiga juda gʻamxoʻr. Ayniqsa, urgʻochi ari bolalari oziqlanishiga biror hasharotni topish uchun uzoq masofani bosib oʻtadi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.