20.02.2024
Chuvalchang — dunyodagi eng muhim jonzotlardan biri. Albatta, u inson nuqtayi nazaridan muhim ahamiyatga ega. Chunki bu jonzotlar faoliyati hayotimiz uchun muhim bo‘lgan yerni vegetatsiya (oʻsimliklardagi koʻkarish, oʻsish, yetilish kabi hayot jarayonlar) davriga tayyorlaydi.
Chuvalchanglar ovqatlanish paytida tuproqni yumshatadi. Yarim gektar bogʻdagi chuvalchanglar tanasidan 1 yil ichida taxminan 16 tonna tuproq oʻtadi. Ular yordamida oʻsimliklar ildizi havo va namlik oladi. Nobud boʻlgan oʻsimlik va hayvon qoldiqlarinining parchalanishi osonlashadi hamda oʻsimliklar urugʻi unib chiqadi. Bu chuvalchangning yer yuzasidagi barglarni urugʻlar bilan birga oʻz uyasiga olib kirganida sodir boʻladi.
Chuvalchang ishlab chiqaradigan oʻgʻit tarkibida tuproqni boyitadigan ohak mavjud. Buning ahamiyatini bitta misolda koʻrish mumkin. Olimlar eng unumdor tuprog‘i bor hududni topdi. Ularning hisob-kitobiga koʻra, yarim gektar maydonga chuvalchanglarning 108 tonna chiqindilari toʻgʻri kelgan va shuning uchun ham bu hudud yuz yillar davomida juda unumdor boʻlgan.
Tuproqda chuvalchang shunchalik koʻpki, masalan, AQSh hududidagi barcha chuvalchanglar vazni aholi vaznidan 10 baravar koʻp.
Chuvalchang tanasi bir-birining ichida joylashgan ikkita naychadan iborat. Ichki qism — ovqat hazm qilish tizimi. Chuvalchang ovqat yeyishni xohlaganda, halqumini tashqariga ochib, tuproq boʻlakchalarini yutadi. Keyin maxsus mushaklar yordamida ularni naycha ichiga suradi. Tuproq jigʻildon deb ataladigan omborga, soʻng ikkinchi oshqozonga oʻtadi. Chuvalchangga tuproqni maydalashga qum yordam beradi. Keyin uni hazm qiladi va tanadan chiqindi sifatida chiqarib yuboradi.
Chuvalchangning koʻzi yoʻq, lekin uning tanasi yuzasida sezgir hujayralar mavjud. Bu unga yorugʻlikni qorongʻilikdan farqlash va teginishni his qilish imkonini beradi. U terisi orqali nafas oladi.
Chuvalchang nam tuproqda yashaydi. Ular qumda va quyosh nurida yashay olmaydi. Yer yuzasiga faqat tunda chiqadi. Qishda ular kulchadek oʻralib uxlaydi. Agar yer ustida sudralib yurgan chuvalchangni koʻrsangiz, bu uning yangi uya yoki toʻyimli tuproq qidirayotganini anglatadi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.