Nega chivin chaqsa, qichishadi?

Jonzotlarning urgʻochisi erkaklariga qaraganda qonxoʻrroq boʻlishi haqida eshitganmisiz? Bu, birinchi navbatda, chivinlarga xos xususiyat. Qonni faqatgina urgʻochi chivinlar soʻradi. Ularning tumshugʻida joylashgan soʻrish naychasi atrofida kichik, oʻtkir teshuvchi aʼzo joylashgan. Chivin chaqqanda qonga zaharli suyuqlik yuboradi. Ushbu zahar ogʻriq, qichishish va shish paydo boʻlishiga olib keladi.

Chaqishdan tashqari chivinlarning vizillashi ham insonlarni juda bezovta qiladi. Biroq bu chivin uchun juda muhim jihat. Vizillash — oʻziga xos doʻstlik murojaatining bir turi. Erkagi qanotlarini tez tebratib past ovozda, urgʻochisi esa quloqni teshadigan yuqori tovushda vizillaydi.

Chivinlar butun dunyoda uchraydi. Ammo qayerda boʻlishidan qatʼiy nazar barcha turlar suvda oʻz hayotini boshlaydi. Urgʻochi chivin, odatda, 40–400 donagacha tuxumini suv havzalari yuzasi, koʻlmak va hatto tunuka qutilarga qoʻyadi. Ular uyum holida ham, alohida-alohida ham tuxum qoʻyadi.

Bir hafta oʻtgach, tuxumdan oyoqsiz kichik lichinkalar¹ chiqadi. Ular suvda juda faol harakat qila oladi va suv ostida nafas ololmagani uchun koʻp vaqtini yuzada oʻtkazadi. Bu yerda ular dumida joylashgan naychasi orqali nafas oladi, hayvon va oʻsimliklar qoldigʻi bilan oziqlanadi. Ozuqani boshlarida joylashgan tuklar yordamida ogʻziga soladi.

Oʻsib ulgʻaygani sari lichinka poʻst tashlab yoki uni oʻzgartirib boradi. Toʻrtinchi martasida esa gʻumbakka² aylanadi. Bu shaklda koʻp vaqtini orqasida joylashgan muguz (shox) naychalar orqali nafas olib, suv yuzasi yaqinida oʻtkazadi. Gʻumbak oziqlanmaydi, lekin bir necha kundan keyin poʻst tashlab, chivinga aylanadi.

Voyaga yetgan chivin, odatda, bir necha hafta yashaydi. Bir yil ichida baʼzi turlarida 12 marta avlod oʻzgarishi kuzatilishi mumkin.


[1] Lichinka — baʼzi jonli organizmlarning (qurt, hasharot, baliq va shu kabilar) rivojlanish (tuxumdan chiqish) bosqichi, shu davrdagi holati, gʻumbak.
[2] Gʻumbak — baʼzi hasharotlar rivojlanishida qurtdan kapalakka yoki pashshaga aylanish bosqichi va hasharotning shu bosqichdagi holati.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!