20.02.2024
Olimlarning taʼkidlashicha, dinozavrlar qariyb 180 million yil oldin paydo boʻlib, taxminan 60 million yil oldin qirilib ketgan. Dinozavrlar sudralib yuruvchi boʻlgani sababli oʻzidan oldin yashagan sudralib yuruvchilardan kelib chiqqan. Aytgancha, sudralib yuruvchilar quyidagi xususiyatlari bilan ajralib turadigan hayvonlarning alohida sinfi: ular issiq qonli emas, Yer yuzida yashaydi, oʻziga xos yurakka ega hamda aksariyati tangachalar bilan qoplangan.
Ilk sudralib yuruvchilar dinozavrlardan ancha oldin paydo boʻlgan. Ular amfibiyalar, yaʼni suvda ham, quruqlikda ham yashay oladigan mavjudotlarga oʻxshash boʻlgan, ammo faqat yerga tuxum qoʻyishgan. Bolalarining oyoq va oʻpkalari boʻlib, havodan nafas olgan. Ular hasharotlar bilan oziqlangan boʻlishi ham mumkin.
Keyinchalik sudralib yuruvchilar tobora kattalashib, kuchayib borgan. Baʼzilari katta kaltakesak, boshqalari esa toshbaqaga oʻxshab ketgan. Ularning kalta dumi, qalin oyog‘i va katta boshi boʻlib, oʻsimliklar bilan oziqlangan.
Birinchi dinozavrlarning ayrimlari kaltakesaklarga oʻxshash boʻlgan. Boshqalari esa orqa oyog‘ida yura oladigan sudralib yuruvchilarga oʻxshagan. Ular taxminan kurkadek kichik boʻlib, orqa oyoqlarida ham harakat qilgan. Baʼzi turlari kichik holida qolgan, ammo boshqalari kattalashib ogʻirlashgan. Bir vaqtlar koʻp dinozavrlar uzunligi 2,5 m ga yetgan, hatto bir nechta 6 metrli va fil kabi ogʻirlari ham boʻlgan. Ularning kichik boshi va faqatgina oʻsimlik ozuqasini chaynay oladigan kalta va toʻmtoq¹ tishlari boʻlib, botqoqli pastliklarda yashagan.
Keyinchalik sudralib yuruvchilar asrida yana bir davr boshlangan. Baʼzi oʻtxoʻr dinozavrlar shunchalik katta boʻlib ketganki, hatto quruqlikda toʻrt oyoqda ham oʻzlarini ushlab tura olmagan. Ular koʻp vaqtini daryo va botqoqlarda oʻtkaza boshlagan. Ushbu gigantlardan² biri — uzunligi 20-24 metr, ogʻirligi esa taxminan 34 tonna boʻlgan brontozavr.
Shu bilan birga boshqa dinozavrlar yerda bemalol harakatlana olgan. Masalan, allozavrning boʻyi 10 metr, oʻtkir tish va tirnoqlari boʻlib, brontozavr va boshqa oʻtxoʻrlar bilan oziqlangan. Dinozavrlar sudralib yuruvchilar rivojlanishida bir bosqich boʻlgan xolos, ular Yerdagi iqlim oʻzgarishi tufayli yashash joylari va oziqlanishdan mahrum boʻlgan. Natijada qirilib ketgan.
Siz dinozavr qoldiqlari bor muzeyga borganmisiz? Bormagan boʻlsangiz, oʻylab oʻtirmay hoziroq shoshiling!
[1] To‘mtoq — uchi, tig‘i o‘tkir bo‘lmagan, o‘tmas.
[2] Gigant — juda katta, ulkan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.