20.02.2024
Odamzodning qachondan beri mavjudligi haqida fikr yuritilganda, koʻrshapalaklar 60 million yildan beri yashayotganiga ishonish qiyin. Koʻrshapalaklarning qazilma qoldiqlari aynan shu davrga toʻgʻri keladi. Hatto Misrda topilgan qabrlarda ham 4000 yillik bu jonzot tasvirlari mavjud.
Bugungi kunda koʻrshapalakning 2000 ga yaqin turi bor. Ular qutblardagi hududlardan tashqari barcha yerda uchraydi. Koʻrshapalak — havoda harakatlanadigan yagona sutemizuvchi. Uning qanotlari uzunligi 15 santimetrdan 2 metrgacha.
Ushbu jonzotlarning aksariyati hasharotlar bilan oziqlanadi. Issiq tropikda yashovchi koʻpchilik koʻrshapalaklar meva va gulchanglar, boshqalari esa baliq va nisbatan kichik jonivorlarni isteʼmol qiladi. Ammo baʼzilari qon ichadi. Qon bilan oziqlanadigan koʻrshapalak vampir deb ataladi. Shu sababli koʻp odamlar bu jonivordan qoʻrqadi. Bir paytlar Sharqiy Yevropada vampirlar haqida koʻplab afsonalar boʻlgan. Ularni vafot etgan odamning tunda hayvon qiyofasiga kirgan ruhi deb hisoblashgan. Ular qon soʻrish uchun qurbonlar qidirib, turar joylar atrofida aylanib yurgan. XVIII asr boshida Janubiy va Markaziy Amerika boʻylab sayohat qilgan tadqiqotchilar qon bilan oziqlanadigan koʻrshapalaklarni topgan. Olimlar uyga qaytib, qoʻrquvdan paydo boʻlgan tasavvurlarini tarqatganidan soʻng vampirlar haqidagi barcha eski afsonalar koʻrshapalak bilan bogʻliq boʻlib qolgan.
Vampirlar faqat Markaziy va Janubiy Amerikada yashaydi. Ularning qanotlari uzunligi 30 sm, tanasiniki esa taxminan 10 sm. Ular qurbon terisini uchi oʻtkir old tishlari bilan teshadi. Avvalari vampirlar qonni soʻrib oladi deb taxmin qilingan. Lekin aslida ular qonni tili bilan yalaydi. Aytgancha, bu qonxoʻr jonivorlar oʻljasi uxlayotganida oziqlanadi.
Ularning soʻlagida yaradagi og‘riqni kamaytiradigan va qon ivishiga xalaqit beradigan moddalar mavjud deyishadi. Vampirlar odamlarga duch kelmaslikni xohlaydi. Ammo ular qorin toʻydirish uchun sigir, ot, echki va hatto joʻjalarni xush koʻradi. Baʼzida vampirlar xavfli kasalliklar tarqatadi.
“Tungi ovchilar” qanday ovoz chiqaradi? Nima deb oʻylaysiz, koʻrshapalak uxlaydimi?
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.