Ko‘zi ko‘rmaydi yoxud ko‘rshapalak qanday uchadi?

Koʻrshapalak — juda gʻayrioddiy mavjudot. Uning gʻayrioddiy harakatlanish usuli esa chindan ham ajoyib.

Koʻrshapalak qush emas, balki sutemizuvchi hisoblanadi. Uning bolalari tirik tugʻiladi va koʻrshapalak suti bilan oziqlanadi. Ular ucha oladigan yagona sutemizuvchilardir.

Uzoq vaqt davomida olimlar koʻrshapalakning qorongʻida daraxt va boshqa toʻsiqlarga urilmay, qanday harakat qilishini tushuna olmagan. Hattoki bu borada maxsus tajribalar oʻtkazilgan. Masalan, katta xona shiftiga mahkamlangan arqonlar bir-biriga juda yaqin osib qoʻyilgan. Keyin tajriba qilinadigan jonivorlarning koʻzlari berkitilib, xonaga qoʻyib yuborilgan.

Koʻrshapalaklar toʻsiqlarga uchramasdan, yuqori tezlikda uchishda davom etgan. Bu esa ularning parvoz paytida koʻrish qobiliyatidan foydalanmasligini isbotladi. Keyin olimlar ularning quloq va ogʻzini yopib, yana xonaga qoʻyib yubordi. Ammo bunda ular tinmay arqonlarga ilinib, qiynalib uchgan.

Shunday qilib, koʻrshapalak qaysi vositaga tayanib parvoz qilishi aniqlandi. Ular parvoz paytida inson qulogʻi ilgʻay olmaydigan juda baland tovushlar chiqaradi. Ushbu yuqori chastotali tovush toʻlqinlari yoʻldagi toʻsiqlarga uriladi. Urilib qaytgan tovushni koʻrshapalak qulog‘i yaxshi eshitadi. Ularning qanotlari esa bu signallarga avtomatik ravishda javob beradi va jonivor oʻz yoʻnalishini toʻsiqlarga qarab oʻzgartiradi. 

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!