Lemming o‘zini dengizga otgancha hayotini yakunlashini bilasizmi?

Lemming bu — sovuq hududlarda yashovchi sichqonsimon kichik kemiruvchi. Jonivor uzunligi atigi 13 santimetrni tashkil qiladi. U Norvegiya, Shvetsiya va Laplandiyada yashaydi.

Lemming ildiz, poya va moxlar (mogʻor, po‘panak) bilan oziqlanadi. Urgʻochisi yiliga ikki marta, 3 tadan 5 tagacha bolalaydi.

Xoʻsh, bu jonzotlarning nimasi odamlarni jalb qiladi? Maʼlum boʻlishicha, ushbu kemiruvchilar toʻdasi har 3—4 yilda Norvegiya, Shvetsiya va Laplandiyaning ma’lum hududlaridan chopib oʻtar ekan. Ular har doim tepalikdan dengiz tomon harakat qiladi. Turli yoʻnalishli harakat har qanaqasiga dengizga olib boradi.

Lemminglar sekin, ammo toʻsiqlarga eʼtibor bermay dadil harakatlanadi. Ular tunda koʻcha kezib, kunduzi esa ovqatlanib uxlaydi. Bu toʻda bir necha kilometr kenglikdagi daryo va koʻllarni kesib oʻtadi. Xuddi qarshilik qilib boʻlmaydigan nomaʼlum kuch ularni tortib turgandek, butun shaharni qahramonlarcha bosib oʻtadi.

Achinarlisi, lemming harakatlanish davomida sabzavot ekinlarining barcha turlarini yoʻq qilib, hosilga katta zarar yetkazadi. Ayni vaqtda lemming bilan oziqlanadigan koʻplab hayvon va qushlar ular ortidan ergashib yuradi. Ular kemiruvchilarga hujum qiladi.

Shu kabi dengiz tomon yurish har 3–4 yilda bir marta amalga oshirilgani va ular tez koʻpaygani sababli qo‘shin shunchalik kattaki, ularni uncha-muncha dushman qirib tashlay olmaydi. Nihoyat har bir lemming dengizga yetib borgach, oʻzini toʻlqinlar girdobiga otib, hayotini yakunlaydi. Hech bir kemiruvchi bu sayohatdan qaytmaydi.

Ushbu sirli hodisani qanday tushunish mumkin? Taxminan bu hodisa lemming sonining koʻpayishi bilan bogʻliq. Odatdagi yashash joyida lemminglar soni juda koʻpayib, ularning yashashi va ovqatlanishi uchun xavf tugʻilsa, maxsus instinkt (tug‘ma, maqsadli harakatlar yig‘indisi) ularni dengiz sayohatiga borishni undaydi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!