Xameleon rangini qanday o‘zgartiradi?

Aslida ham tabiat xameleonga oʻzi joylashgan yuzaga qarab rangini yorqin yashildan kulrang-qoramtir yoki sariq rangga avtomatik ravishda o’zgartirish qobiliyatini berganmi?

Ajablanarlisi shundaki, uning rangi atrof-muhitga bogʻliq emas! Xameleon bunga ahamiyat ham bermaydi. Hayvonning terisi shaffof, uning ostida qora, qizil va sariq hujayralar mavjud. Ular qisqarganida yoki kengayganida xameleon rangini oʻzgartirgandek koʻrinadi. Ammo bu hujayralarni oʻzgarishga nima majbur qiladi? Hayvon gʻazablanganida yoki qoʻrqqanida uning asab tizimi bu hujayralarga signal yuboradi. Gʻazab qoramtir rang, hayajon yoki qoʻrquv esa och rang va sariq dogʻlarni keltirib chiqaradi.

Quyosh nuri ham xameleonning rangiga taʼsir qiladi. Issiq quyoshdan hujayralar qoramtir, hatto qora rang oladi. Quyosh nurisiz yuqori harorat yashil rang beradi, qorongʻida esa xameleon sariq dogʻli sargʻish rangga boʻyaladi.

Koʻrib turganingizdek, jonivorning asab tizimi rangli hujayralar holatini oʻzgartirishiga atrof-muhit emas, hissiyotlar, harorat va yorugʻlik kabi omillar majbur qiladi.

Ammo bu rang oʻzgarishlari xameleonga ilon va qushlar kabi dushmanlaridan yashirinishga yordam beradi. Hayvon juda sekin harakatlangani sababli uning ranglarni oʻzgartirish qobiliyati hayotini saqlab qolish uchun zarur boʻlgan himoya turidir. 

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!