To‘rt oyoqlilardan qay biri eng tezkor?

Inson harakatlanish tezligi bilan faxrlanadi. Axir u masofani tovushdan tezroq bosib oʻtishi, okeanlardan bir necha soat ichida uchib oʻtishi mumkin.

Ammo odamzod bularning barchasiga bunday tezkor mashinalarni yaratishga imkon bergan aqli tufayli erishgan. Biroq bizning asl tezligimiz haqida gap ketganda, odamlar sutemizuvchilar orasidagi chempionlardan ancha ortda qoladi. Lekin it quvlayotganda qochayotgan odamning tezligi haqida statistik maʼlumotlar yoʻq.

Keling, baʼzi toʻrt oyoqli jonzotlar qanday tezlikda harakatlanishini koʻrib chiqaylik. Shuni eslatib oʻtishimiz kerakki, koʻplab hayvonlar hayratlanarli tezlikka ega, ammo uni uzoq vaqt ushlab turishga qodir emas. Soatiga 35–40 km tezlikda yugura oladigan odamning oʻzi ham bu tezlikni atigi taxminan 200 metr masofagacha ushlab tura oladi. Hayvonlarning tezligi haqidagi maʼlumotlar turli odamlar tomonidan oʻtkazilgan har xil oʻlchov va kuzatishlar natijasida olingan va bu natijalar mutlaqo aniq boʻlmasa-da, ularni taqqoslash imkonini beradi.

Chempion — gepard. Uning tezligi soatiga 112 km ga yetadi. Undan keyin qora kiyik — soatiga 104 km. Moʻgʻul jayroni va antilopa¹ taxminan soatiga 96 km tezlikda yuguradi. Yuqorida aytib oʻtilgan hayvonlarning har biri 1 km yoki undan koʻproq masofaga boʻlgan musobaqada boshqa barcha sutemizuvchilarni ortda qoldiradi.

Aytgancha, sher dushmanidan soatiga 80 km tezlikda qochishga qodir, ammo uni uzoq vaqt ushlab turolmaydi. Koʻpchiligimiz eng ildam hayvon deb hisoblaydigan kiyik soatiga 72–80 km tezlikda harakat qiladi, lekin chopqir otlar ham otchopardagi poyga musobaqalarida shu tezlikda yuguradi.

Poygalarda ishtirok etadigan yana bir hayvon — bu tozi it. Uning tezligi soatiga 56–64 km. Bu tezlik grizli ayigʻinikidan bir necha kilometrga tezroq. Jadalligi bilan tanilgan fil esa soatiga 40 km tezlikda harakat qiladi.


[1] Antilopa — ikki shoxli, kavsh qaytaruvchi oʻtxoʻr hayvon.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!