Pluton sayyorasi qanday kashf etilgan?
Nyutonning tortishish qonuni haqida qisqacha, Neptun qanday kashf etilgan? Pluton sayyorasi qachon aniqlangan?
2 min
Sayyoralar

Agar pichan ichidagi ignani topish qiyin deb hisoblasangiz, unda Pluton sayyorasini qanday qilib topish mumkinligi haqida ham oʻylab koʻrishingiz kerak. Bu Quyosh tizimidagi eng uzoq sayyora boʻlib, u Quyoshdan Yerga nisbatan qirq baravar uzoqda joylashgan. 

Plutonni koʻrish uchun juda katta teleskop kerak. Shunga qaramay, sayyora qandaydir tarzda kashf qilindi. Bunga qanday erishildi? 

Sayyoralarning kattaligi va ulargacha boʻlgan masofa toʻgʻrisida maʼlumot olishga imkon beradigan ikkita qonun toʻplami mavjud. Keplerning sayyoralar harakatiga oid qonunlari sayyoralarning Quyosh atrofidagi orbitasi toʻgʻri aylana shaklida emasligini isbotlaydi.

Nyutonning tortishish qonuni astronomlarga sayyoralarning vazni, oʻlchami va massasini aniqlashga imkon berdi. Qonunga koʻra, ikki jism bir-birini har bir jismdagi material miqdori (uning massasi) va ular orasidagi masofaga bogʻliq boʻlgan kuch bilan tortadi. Ularning massasi qanchalik katta boʻlsa, tortishish shunchalik kuchli bo‘ladi. Ular bir-biriga qanchalik yaqin boʻlsa ham tortishish shunchalik kuchli boʻladi. Ushbu qonunlar bilan qurollangan ikki kishi 1846-yilda oʻsha paytda Quyosh tizimidagi eng uzoq sayyora deb hisoblangan Uranning xatti-harakatida gʻayrioddiy narsani payqagan. Uranning barcha maʼlum sayyoralar bilan munosabati hisobga olingan holda ham, u oʻz orbitasida taxmin qilinganidek harakat qilmagan. Uranning harakatidan kelib chiqib, uning trayektoriyasiga boshqa sayyora taʼsir qiladi degan xulosaga kelish va bu sayyora joylashgan joyni aniqlash mumkin edi. Tadqiqotchilardan biri Berlin observatoriyasidagilarga osmonning maʼlum bir qismida yangi sayyorani qidirishni aytdi va sayyora oʻsha joyda topildi. U Neptun deb nomlandi. 

Amerikalik astronom Persival Louell Uranning harakatiga Neptunning orqasidagi yana bir sayyora taʼsir qiladi deb hisoblagan. Bu 1915-yilda boʻlgan edi. Boshqa astronomlar Neptunning oʻziga ham uning orqasidagi qandaydir sayyora taʼsir qilayotganini payqagan.

Shunday qilib, teleskop yordamida va fotosuratlarni oʻrganish orqali boshqa sayyorani tizimli qidirish boshlandi. 1930-yil 18-fevralda yangi sayyorani qidirishda fotosuratlarni oʻrganayotgan astronom Tombo uni Louell bashorat qilgan joy yaqinida topdi. Bu sayyora Pluton edi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!