Havoning og‘irligi bormi?
Havoning og'irligi qancha ekanini bilasizmi? Havoning ogʻirligi nima hosil qiladi?
2 min
Bizning olam

Koʻpchiligimiz havoni “hech narsa” deb hisoblaymiz, aslida havo muayyan gazlardan iborat va shu tufayli u “aniq narsa”dir. Gaz maʼlum oʻlcham yoki shaklga ega emas, lekin u boʻshliqda joy egallaydi. Yerni oʻrab turgan va bir necha kilometr yuqoriga choʻzilgan ulkan havo okeani yerning tortishish kuchi hisobiga tortiladi va ushlab turiladi. Demak, havo ogʻirlikka ega. Havo atrofimizdagi hamma joyda boʻlgani uchun u toʻldiradigan har qanday jismning ogʻirligi oshadi.

Masalan, voleybol toʻpida oz miqdorda havo mavjud. Agar biri damlangan, ikkinchisi boʻsh ikkita shunday toʻp tarozida tortib koʻrilsa, boʻsh toʻp yengilroq ekani aniqlanadi. Havoning ogʻirligi bosim hosil qiladi. Dengiz tubida suv bosim qilgani kabi havo ham butun tanamizga har tomondan bosim qiladi. Havoning ulkan massasi Yerga juda kuchli bosim qiladi va u kvadrat santimetrga taxminan bir kilogrammni tashkil qiladi.

Kilogramm bu — asosi 1 kvadrat santimetr va balandligi atmosfera balandligiga teng boʻlgan havo ustunining ogʻirligi. Kaftingizning maydoni taxminan 77 kvadrat santimetrga teng. Kaftingizda 77 kilogramm ogʻirlikdagi yuk qoʻyilganini tasavvur qiling-a? Qoʻlingiz ostidagi havo ham tepadagi kabi bir xil kuch bilan bosim qilgani tufayli bu ogʻirlikni sezmaysiz. Havo boshimizga ham 270 kilogramm kuch bilan bosim qiladi, lekin uni pachoqlamaydi. Chunki tanamiz ichidagi havo tashqaridagi havo bosimini muvozanatlashtiradi.

Qanchalik baland koʻtarilsak (masalan, togʻ choʻqqisiga), ustimizdagi havo shunchalik kam, bosim ham past boʻladi. 6000 metr balandlikda bosim kvadrat santimetrga taxminan 0,4 kilogrammni tashkil qiladi. 3000 metr balandlikda esa kvadrat santimetr uchun 0,7 kilogramm. Agar 100 kilometr balandlikka koʻtarilish imkoni boʻlganda, u yerda deyarli hech qanday bosim yoʻqligini his qilish mumkin.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!