O‘simlik nega kraxmal ishlab chiqaradi?

Oilangizda kimdir parhez tutsa, uning biron bir taomdan voz kechib: “Bu menga toʻgʻri kelmaydi. Kraxmali juda koʻp ekan”, deganini eshitgan boʻlishingiz mumkin. Albatta, agar uyda oʻsayotgan bolalar boʻlsa, ular odatda “yaxshiroq oʻsishi” uchun koʻp miqdorda kraxmal isteʼmol qiladi. Kraxmal odamlar unga qanday munosabatda boʻlishidan qat’iy nazar, dunyodagi eng muhim moddalardan biridir. Insoniyat boshqa moddalarga qaraganda kraxmaldan koʻproq ozuqa oladi. Biz kraxmalni mayda zarralar shaklida oʻsimliklardan olamiz.

Oʻsimliklar kraxmalni qanday ishlab chiqaradi? Oʻsimliklar tuproqdan soʻrilgan suvni, havodan olingan karbonat angidridni quyosh nuri va xlorofill yordamida birlashtirib, shakar hosil qiladi. Soʻngra ular shakarni kraxmalga aylantiradi. Oʻsimliklar kraxmalni mayda zarralar holida novda, poya, ildiz, barg, meva va urugʻlarda toʻplaydi. Kartoshka, makkajoʻxori, guruch va bugʻdoy tarkibida koʻp miqdorda kraxmal mavjud. Oʻsimliklar kraxmalni hali oʻziga mustaqil ravishda ozuqa ishlab chiqara olmaydigan kurtak va novdalar uchun ozuqa sifatida ishlab chiqaradi. Oʻsishni boshlagan oʻsimlikni koʻrsangiz, bilingki, bu oʻsish uchun ozuqa sifatida kraxmal zaxirasidan foydalanilmoqda.

Odam va hayvonlar uchun kraxmal energiyaga toʻyingan ozuqa hisoblanadi. Shakar singari u uglerod, vodorod va kisloroddan iborat. Kraxmal shirin emas, odatda u mazasiz. Ogʻiz boʻshligʻi, oshqozon va ichakdagi baʼzi kimyoviy moddalar kraxmalli ovqatni oson hazm boʻladigan uzum shakariga aylantiradi.

Odam kraxmalni oʻsimliklardan, ya’ni u toʻplangan qismlarini maydalab oladi. Keyin suvda yuviladi va kraxmal katta idishlarning tubiga choʻkadi. Shundan soʻng suv xom kraxmaldan siqib chiqariladi, qolgan massa quritiladi va biz odatda koʻradigan kukunga aylantiriladi. Kraxmal eng kutilmagan joylarda ishlatiladi. U kir yuvishda, yelim sifatida, mato ishlab chiqarishda va koʻplab hojatxona vositalari uchun asos sifatida ishlatiladi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!