20.02.2024
Koʻpgina mamlakatlarda yomgʻir miqdori yomgʻiroʻlchagich deb nomlanadigan asbob bilan oʻlchanadi. AQSh meteorologlari tomonidan ishlatiladigan yomgʻiroʻlchagich yuqori qismi karnaysimon ochiq va pastki qismi yopiq kovak naychaga oʻxshaydi. Bu qurilma ochiq joyga joylashtiriladi va naychadagi darajalangan shkala unga tushgan yomgʻir miqdorini koʻrsatadi. Agar maʼlum bir hududda bir dyuym qalinlikdagi suv qatlamini hosil qilish uchun yetarli miqdorda yomgʻir tushgan boʻlsa, meteorologlar bir dyuym yomgʻir yogʻdi deydi.
Yiliga 10 dyuymdan (25 santimetr) kam yogʻingarchilik kuzatilgan joy choʻl deb ataladi. Oʻt oʻsishi uchun oʻndan yigirma dyuymgacha yogʻingarchilik yetarli, ammo qishloq xoʻjaligi uchun 20 dyuymdan koʻproq kerak boʻladi. Agar iliq mavsumda 250 santimetrdan ortiq yogʻingarchilik kuzatilsa, yovvoyi oʻsimliklar juda zichlashib, madaniy oʻsimliklarni siqib qoʻyadi. Bu holat asosan Braziliya oʻrmonlari, Markaziy Afrika va Hindistonda sodir boʻladi. Hindistonda Cherrapunji deb nomlangan joyda yiliga 1140 santimetr yogʻingarchilik kuzatiladi.
Misrda esa, aksincha, yiliga atigi 4 santimetr yomgʻir yogʻadi. Qoʻshma Shtatlarda eng koʻp yogʻingarchilik Vashington va Oregon shtatlari sohilida boʻlib, u 200—250 santimetrga toʻgʻri keladi. Arizonaning baʼzi joylariga yomgʻir yiliga 8 santimetrdan kam tushadi. Buyuk Britaniyada eng yuqori yogʻingarchilik — 257 dyuym (653 santimetr) 1954-yilda Kamberlendda qayd etilgan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.