Eroziya nima?
Eroziyaning asosiy sababchisi nima? Eroziya nima?
3 min
Bu nima?

Eroziya bu — yer yuzasining asta-sekin yemirilish jarayoni. Yumshoq tuproqqa tushgan yomgʻir daryo va soylarga quyuq loy oqimlarini oqizib ketadi. Shamol esa dalalardan tuproq va changni olib ketadi. Daryo va koʻllar qirgʻoqlaridagi uyurma oqimlar va qirgʻoqqa urilgan toʻlqinlar qirgʻoq gillarini yuvib ketadi. Ular qoyatoshlardan qum va toshlarni yemirib, qum va undan ham mayda zarralarga parchalaydi. Soʻngra bularning barchasi suv bilan dengizga olib chiqiladi. Mana shu hodisa — eroziya. U tufayli Arizonadagi Katta kanyon kabi dunyoning baʼzi moʻjizalariga egamiz. Ammo eroziyaning salbiy tomoni ham bor. XX asr 30-yillarining oxirida u Kanzas, Oklaxoma va Texasning unumdor tekisliklarini changga aylantirib, minglab odamlarni uysiz qoldirgan.

Suv dunyodagi eroziyaning asosiy sababchisidir. U qoyatoshlardagi yoriqlarga kirib muzlaydi va toshlarni parchalab tashlaydi. Koʻp yillar davomidagi bunday taʼsirdan soʻng tosh tuproqqa aylanadi va suv bilan yuvilib ketadi. Yomgʻir yetarli darajada nam boʻlguniga qadar tuproqqa singadi. Qolgan suv yer yuzasida avval jilgʻalar shaklida oqadi va keyin daryolarga toʻplanadi. U har doim tuproqni loyqa shaklida olib ketadi. Oqimlar koʻp ming yillar davomida oqadigan oʻzanlarida asta-sekin vodiylarni hosil qiladi. Vodiylar kengayib, bir-biri bilan “uchrashadi”. Eroziya kuchlari baʼzan yerni dengiz sathiga qadar yemiradi. Shamol ham eroziyaga yordam beradi, ammo u suvga qaraganda ancha sekin taʼsir qiladi. Qadimda muzliklar ham eroziyaga sababchi boʻlib, vodiylarning chetini yoʻq qilgan. Eroziyadan Amerikaning qishloq xoʻjaligi katta zarar koʻrgan.

Fermerlar qimmatbaho, unumdor qatlam yoʻq boʻlib ketayotganini tushunmagan yoki buni qanday toʻxtatishni bilmagan. Ular yerni chuqur haydashgan va yerosti qatlami yuzaga chiqib, tezda changga aylanib, shamol bilan “uchib ketgan”. Bugungi kunda qishloq xoʻjaligini yuritishning yangi usullari eroziya tufayli yoʻqotishlarning oldini olishga yordam beradi. Bir tomondan, hozirgi davrda fermerlar plugni keng miqyosda ishlatmay qoʻygan. Ular bugʻdoy va makkajoʻxori poyalarini tuproqda qoldiradi, bu esa tuproqni ushlab turishga yordam beradi. Ular past-baland yerlardagi shudgor vaqtida maydonlarni yuqoridan pastga emas, yon bagʻirlar boʻylab haydaydi. Bu konturli shudgorlash deb ataladi va buning taʼsirida qiyalikdan suv oqib tushishi mumkin boʻlgan joʻyaklar hosil boʻlmaydi. Bugungi kunda fermerlar qimmatbaho tuproqni saqlab qolish, suv va shamolning olib ketishiga yoʻl qoʻymaslik borasida koʻplab usullarni oʻzlashtirgan.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!