Grand kanyon qanday paydo bo‘lgan?
Grand kanyon nimasi bilan mashhur? Grand kanyon nima?
2 min
Tarix

Grand kanyon yer yuzidagi eng ajoyib manzaralardan biridir. Uning ayrim joylari koʻz qamashtiruvchi ranglardagi ibodatxona, minora va qasrlardan iborat sehrli tosh shaharga oʻxshaydi. Kanyonga taalluqli eng hayratlanarli narsalardan biri shuki, uni daryo yaratgan. Kolorado daryosining suvi ming yillar davomida bu ulkan darani hosil qilgan. Qattiq qoyatoshlarning uzoq vaqt davomida oʻpirilishini tasavvur qilib, bu daryo suvining dahshatli kuchiga baho berishingiz mumkin. Hozir ham Kolorado yildan yilga daraning tubini kemirib, chuqurroq kirib borishda davom etmoqda.

Grand kanyon darasining ayrim joylari chuqurligi bir mildan ortiq, eni esa toʻrt mildan oʻn sakkiz milgachadir. Daryo platoga tobora chuqurlashib, kanyon hosil qilar ekan, u yerning tosh devorlaridagi yuz millionlab yillik tarixini ochib bera boshladi. Daryo yaqinidagi dara tubida qadimiy kristall jinslar yuzaga chiqdi. Bu ham oʻz-oʻzidan, ham suv va shamol yordamida parchalangan qadimgi togʻ tizimining qoldiqlaridir. Bu togʻ tizimining paydo boʻlishi va yoʻq boʻlib ketishi faqat Grand kanyon shakllanishi bilan ochildi. Yerning bu yashirin qatlami poydevorida kvarsit, qumtosh va ohaktosh qatlamlari joylashgan. Ular baʼzan sharqdan, baʼzan esa gʻarbdan kelgan okean toʻlqinlari butun togʻ tizmalarini hosil qilgan va yakson etgan davrlarning almashinuvi mobaynida shakllangan.

Bu yerda topilgan toshqotgan hayvon va oʻsimliklar qoldigʻi bir paytlar dengiz toʻlqinlari bu qoyalarni yuvib turganining isbotidir. Bular suvoʻtlari, dengiz chigʻanoqlari va baliqlarning toshga aylangan qoldiqlaridir. Grand kanyonni koʻrgan birinchi oq tanli odam 1540-yilda kanyonni kashf etgan ispan sayohatchisi Garsiya Lopes de Kardenas edi. Bizning davrimizda AQSh hukumati kanyonning eng goʻzal va ajib qismini belgilab, bu yerda maydoni 1009 kvadrat milyaga teng “Grand kanyon” milliy bogʻini tashkil etdi. Har yili bu goʻzal manzaradan zavq olish uchun minglab sayyohlar keladi va bu yerda hatto dara tubida Kolorado boʻylab xachirda sayr qilish imkoniyati mavjud.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!