Nega bulutlarning hammasi ham yomg‘irli emas?
Bulut qanday hosil bo'ladi? Bulut nima? Bulut haqida ma'lumot.
2 min
Bizning olam

Samolyotda bulutlar orasidan uchib oʻtganmisiz yoki baland tog‘ cho‘qqisiga chiqib, atrofingizda aylanib yurgan bulutlarni kuzatganmisiz? Agar javob “ha” boʻlsa, demak, bulut shunchaki tuman yigʻini ekanini yaxshi bilasiz. Maʼlumki, havoda doimo suv bugʻlari bo‘ladi. Yozda harorat yuqoriligi sababli bugʻ miqdori koʻproq boʻladi. Havoda bugʻ koʻp boʻlsa, uning kondensatsiyalanishi (suv tomchilari hosil boʻlishi) uchun harorat biroz pasayishi kifoya qiladi. Bu holatni havo toʻyinishi deymiz. Toʻyingan havodagi suv bugʻlari kondensatsiyalanishi uchun harorat ozgina pasayishi yetarli. Shuning uchun ham toʻyingan iliq havo harorat pastroq boʻlgan balandlikka koʻtarilganda kondensatsiya hodisasi yuz beradi va bulutlar hosil boʻladi. Suv molekulalari birlashib, son-sanoqsiz mayda tomchilarni hosil qiladi.

Bulutdagi barcha suv tomchilari iliq havo massasiga duch kelganda nima sodir boʻladi? Bu holda ular bug‘lanib, bulut gʻoyib boʻladi. Shu sababli bulutlar doim shaklini oʻzgartirib turadi. Ulardagi suv baʼzan bugʻga aylanadi. Bulut tarkibidagi suv tomchilari ogʻirlikka egaligi uchun tortishish kuchi ularni pastga tortadi va ular pastlay boshlaydi. Ularning aksariyati pastga tushgach, iliqroq havo qatlamlariga yetib boradi va bu iliq havo ularning bugʻlanishiga olib keladi. Shunda yomgʻir yog‘maydigan bulutlar hosil boʻladi. Ular bugʻlanib, tomchilar yer yuzasiga yetib borishga ulgurmaydi.

Bulut ostidagi havo qatlami iliq emas, aksincha, namga toʻyingan bo‘lsa-chi? Unda tomchilar kattalashib boradi va kondensatsiya kuchayadi. Tez orada barcha kichik tomchilar yerga yetib bora oladigan darajadagi katta tomchilarga aylanib, yomgʻir yogʻadi.

Bulutlar Yer sayyorasi va hayot uchun juda muhimligini hamisha yodda saqlashimiz lozim. Chunki ular yomg‘ir, qor yog‘ishiga imkon beradi va Yer haroratini nazorat qilishda asosiy omil hisoblanadi. ☁️

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!