Sharshara nima?
Sharshara qanday hosil bo'ladi? Sharshara nima?
2 min
Bu nima?

Jilgʻa, daryo, tik qoya yoki jarlikning tosh devoridan oshib oqqanda sharshara hosil boʻladi. Devor vertikal ravishda tikka tushmay, nishab boʻlsa, oqayotgan suv kaskad deb ataladi. Baʼzan kaskadda suv bir qator nishablardan oqib oʻtadi. Niagara — osilib turgan qoya sharshara yaratishining ajoyib namunasi. Niagaradagi tosh jinslarning yuqori qatlami qattiq dolomitdan iborat. Dolomit ostida yumshoq gilli slanets joylashgan. Niagara daryosi dolomit qoyasidan quyida joylashgan ulkan suv kosasiga quyiladi va u yerda joʻsh urgan suv slanetslarni oʻpirib, dolomitning yuqori qatlamini yuvib ketadi. Vaqti-vaqti bilan dolomitning katta boʻlaklari qulab tushadi va jarlik tik boʻlib qolaveradi. Bu turdagi boshqa sharsharalarda qumtosh, ohaktosh yoki lava qattiq jins boʻlib xizmat qilishi mumkin.

Sharsharaning yana bir turi — quyi Yellouston sharsharasi. Qadim zamonda yer ostidan erigan tosh jinslarining ulkan massasi koʻtarilib qotgan va daryo oqimi yoʻlida devor hosil qilgan. Ayrim hollarda muzliklar togʻ vodiylariga chuqur kirib borib, sharsharalar tushadigan tik devorlarni qoldirgan. Boshqa hollarda esa yer qobigʻidagi harakatlar tufayli baland platolar koʻtarilib, suv oqimi ularning chetlari boʻylab toshgan.

Dunyoda eng mashhur uchta sharshara — Niagara, Afrikaning Zambezi daryosidagi Viktoriya hamda Argentina, Braziliya va Paragvay chegaralari tutashgan joydagi Iguassu. Niagara sharsharasi eng katta suv hajmiga ega. Dunyodagi eng baland sharshara Venesuelada joylashgan. Bu — suv 1005 metr balandlikdan tushadigan Anxel sharsharasi. Uni birinchi marta Jimmi Eynjel 1935-yilda samolyotdan koʻrgan edi, 1948-yilda esa odamlar u yerga birinchi marta borgan. Baʼzi sharsharalar odamzodni energiya bilan taʼminlashda katta foyda keltiradi. Sharsharalardan zavodlarni quvvatlantiradigan elektr energiyasini ishlab chiqarishda foydalaniladi. Dunyodagi gidroenergetika resurslarining taxminan yarmi Afrikada toʻplangan, ammo hali ularning katta qismi ishlab chiqilmagan.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!