Yer atmosferasi nima?
Boshqa sayyoralarda ham atmosfera bormi? Atmosfera nima?
2 min
Bu nima?

Inson tomonidan Oy va sayyoralarning oʻzlashtirilishi haqida oʻqiganimizda, koʻpincha atmosferaga oid savollarga duch kelamiz. Boshqa sayyoralarda ham atmosfera bormi? Olimlarga maʼlum boʻlishicha, hech bir sayyora yoki yulduz biznikiga oʻxshash atmosferaga ega emas. Atmosfera nima? Uni Yerni oʻrab turgan va balandligi bir necha yuz mil boʻlgan havo okeani sifatida tasavvur qilishimiz mumkin. Havo okeani butun Yer yuzi boʻylab bir xil tarkibga ega. U asosan har doim bir xil nisbatda boʻladigan muayyan gazlardan iborat. Uning taxminan 78 foizini azot, 21 foizini kislorod, qolgan bir foizini esa kamdan kam uchraydigan gazlar — argon, neon, geliy, kripton va ksenon tashkil qiladi.

Yerni oʻrab turgan havo 18 mil balandlikkacha bir xil kimyoviy tarkibga ega, ammo bu koʻrsatkich 44 milga yetishi mumkin. Atmosferaning yuqori qatlami troposferaning yuqori nuqtasi hisoblanadi. Bu Yer yuzasiga eng yaqin qatlam. Yer yuzasidan 18 dan 31 milyagacha balandlikda issiq havo qatlami joylashgan boʻlib, uning harorati Selsiy boʻyicha 42 darajani tashkil qiladi. Bu yerdagi ozon tomonidan quyosh nuri issiqligining yutilishi ushbu qatlamning isishiga sabab boʻladi.

Ozon bu — kislorodning oʻziga xos shakli boʻlib, kislorod molekulasi odatdagi ikkita oʻrniga uchta atomdan iborat. Issiq ozon qatlami bizni eng faol quyosh nuri — ultrabinafsha nurdan himoya qilishga xizmat qiladi. Busiz biz quyosh nuriga bardosh bera olmagan boʻlardik. Undan yuqorida — Yerdan 44 dan 310 milgacha balandlikda joylashgan ionosfera deb ataladigan qatlam yoki bir nechta qatlamlar mavjud. Ionosfera Quyosh tomonidan elektrlashtirilgan zarralardan iborat. Havo molekulalari doimiy harakatda. Atmosfera faqat molekulalar doimo bir-biri bilan toʻqnashib, uchib ketolmaganida saqlanib qolishi mumkin. Lekin balandlik oshgan sari havo kamayib boradi.

Pastdagi molekulaning oʻzidan yuqoridagi molekula bilan toʻqnashganidan soʻng orqaga qaytish ehtimoli juda kam. Shuning uchun molekulalar ochiq fazoga chiqib ketadi va atmosfera butunlay siyraklashadi. 400 mil balandlikdan boshlanib, 1500 milgacha choʻzilgan va ekzosfera deb ataladigan hududda ajralib chiqqan molekulalar deyarli erkin harakatlanadi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!