20.02.2024
Molekulalar doimo dahshatli tezlikda harakat qilayotgan boʻlsa va bu hamma joyda — hatto yogʻoch bo‘lagida ham sodir boʻlsa, unda nega narsalar shaklini oʻzgartirayotganini koʻrmaymiz? Molekula bu — oʻz yaxlitlik xususiyatini saqlaydigan moddaning mavjud bo‘lgan eng kichik zarrasi. Masalan, shakar molekulasi (sukroza) shakarning eng kichik zarrasi boʻlib, u shakarning taʼmi, rangi, shakli, eruvchanligi kabi boshqa xususiyatlarini saqlab qoladi.
Turli moddalarning molekulalari bir-biridan juda farq qiladi. Ayrimlarining uzunligi millimetrning atigi bir necha milliarddan bir ulushiga, boshqalari esa bundan minglab marta kattaroqdir. Havoni tashkil etuvchi gazlarning molekulalari shunchalik kichikki, bir kub santimetr havoda 30 675 000 000 000 000 000 ta molekula mavjud. Ammo moddada shu qadar koʻp molekula boʻlsa ham, ular orasida juda koʻp boʻsh joylar bor. Molekulalar har doim harakatda boʻlganligi sababli ular mutlaq vakuumda harakatlanadi. Havo molekulalari oʻrtasida faqat vakuum bor. Temir molekulalari orasida ham havo yoʻq va faqatgina vakuum mavjud.
Molekulalar harakati issiqlik tufayli yuzaga keladi. Harorat qancha yuqori boʻlsa, ular harakati ham shunchalik intensiv boʻladi. Issiq gazlarda bu harakat juda intensiv. Suyuqlik yoki qattiq moddada u ancha sekinroq, lekin hatto muz boʻlagida ham harakat qayd etiladi. Agar moddadagi molekulalar doim bir-biri bilan toʻqnashib, bir-birini har tomonga, turli yoʻnalishlarga sursa, nega biz bu harakatning natijasini koʻrmaymiz? Masalan, nega bu harakat tufayli temir boʻlagi oʻzgarganining guvohi boʻlmaymiz? Nega u bunday qattiq koʻrinadi? Buning sababi shundaki, qattiq jismlar yoki suyuqlikda molekulalar ular orasidagi tortishish kuchi tufayli oʻz joyida tutib turiladi. Aks holda, modda parchalanib ketardi.
Molekulalarni ushlab turadigan elektr kuchi, hatto eng qattiq materiallarni ham oʻzgarmas holatda ushlab turish uchun yetarli darajada katta. Lekin modda juda qattiq qizdirilsa, molekulalar harakati tezlashadi va bu modda suyuqlikka aylanadi. Agar harorat yanada oshirilsa, molekulalar elektr kuchini yengib, turli yoʻnalishlarda tarqaladi va modda gazsimon holatga oʻtadi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.