Suv quriganda u qayerga g‘oyib bo‘ladi?
Suv qanday quriydi? Molekulalar qanday vazifani bajaradi?
2 min
Bizning olam

Tasavvur qiling, koʻcha yoki yoʻlakda toʻkilgan suvni koʻrib qoldingiz. Bir soatdan keyin yana oʻsha yerga qarasangiz, quyosh nuri ostida suv qayergadir gʻoyib boʻlganini koʻrasiz. Suv qayerda gʻoyib boʻladi? Bu holatni biz suvning bugʻlanib ketishi bilan bogʻlaymiz. Ammo bu nimani anglatadi? Bugʻlanish bu — havodagi suyuqlik tezda gaz yoki bugʻga aylanadigan jarayon. Koʻp suyuqliklar suvga nisbatan tezroq bugʻlanadi. Ular safiga alkogol, benzin, ammiak kiradi. Simob kabi baʼzi suyuqliklar juda sekin bugʻlanadi. Bugʻlanish nega sodir boʻladi? Buni tushunish uchun materiyaning tabiati haqida ayrim narsalarni bilishimiz kerak.

Har bir modda molekulalardan iborat ekanini bilamiz. Bu molekulalarga ikki kuch taʼsir qiladi. Ulardan biri, bir-biriga tortadigan tortishishdir. Ikkinchisi — alohida molekulalarning tarqalishiga olib keladigan ularning issiqlik harakati. Agar tortishish kuchi katta boʻlsa, modda qattiq holatda qoladi. Agar issiqlik harakati tortishish kuchini yengadigan darajada kuchli boʻlsa, modda gazga aylanadi.

Agar ikki kuch taxminan teng boʻlsa, unda modda suyuqlikka aylanadi. Suv, albatta, suyuqlikdir. Ammo suyuqlik yuzasida shunchalik tez harakat qiladigan molekulalar boʻladiki, ular tortishish kuchini yengib, fazoga uchib ketadi. Molekulalarning uchib ketish jarayoni bugʻlanish deb ataladi. Nega suv quyosh nuri ostida yoki isitilganda tezroq bugʻlanadi? Harorat qancha yuqori boʻlsa, suyuqlikdagi issiqlik harakati shunchalik kuchli boʻladi. Bu uchib ketish uchun yetarli tezlikka erishayotgan molekulalar tobora koʻpayib borayotganini anglatadi.

Eng tez molekulalar uchib ketganidan soʻng qolgan molekulalarning tezligi oʻrtacha sekinlashadi. Chunki qolgan suyuqlik bugʻlanish orqali soviydi. Shunday qilib, suvning qurishi uning gaz yoki bugʻga aylanib, havoning bir qismiga aylanganini anglatadi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!