20.02.2024
Tabiatda mavjud boʻlgan deyarli barcha narsa va hodisalar bo‘yicha ularni oʻrganuvchi muayyan fan turi mavjud. Masalan, okeanografiya bu — okeanni oʻrganish bilan bogʻliq barcha fanlarning majmuasi boʻlib, u odamga okean qanday paydo boʻlganini, unda qanday jarayonlar kechayotganini bilishga yordam beradi. Tasavvur qilganingizdek, bu jiddiy izlanishlarni talab qiladi. Keling, ularni bir koʻrib chiqaylik. Buni qirgʻoq chizigʻidan boshlashimiz mumkin. Dengiz qirgʻogʻi (yoki quruqlik va dengiz oʻrtasidagi chegara) toʻlqin, shamol, dengizning qirgʻoqqa kundalik taʼsiri hamda quruqlikning yuqoriga va pastga siljishi tufayli doimiy ravishda oʻzgarib turadi. Shuningdek, okeanlardagi harorat va tuz miqdori ham oʻrganib boriladi. Ajablanarlisi, odam haligacha okeanning nega shoʻr ekanligi haqida qoniqarli izohga ega emas.
Suv koʻtarilishi-chi? Suv koʻtarilishi bu — Quyosh va Oyning tortishish bilan bogʻliq boʻlgan suvning muntazam harakati. Ular ham okeanograflar tomonidan doimiy ravishda oʻrganiladi. Endi oqimlarga oʻtamiz. Okean oqimlari okean boʻylab oqadigan daryolarga oʻxshaydi. Ular oʻzi oʻtadigan suvga qaraganda issiqroq yoki sovuqroqdir. Oqimlar odamlar uchun katta ahamiyatga ega boʻlganligi sababli, ular doimiy ravishda oʻrganilmoqda.
Maʼlumki, okeanda son-sanoqsiz turdagi oʻsimlik va tirik organizmlar yashaydi. Okeanograflar bu sohaga ham katta eʼtibor qaratadi. Turli joylarda okean chuqurligi qancha? Bu ham odamlar uchun juda muhim va faqat okean chuqurligini oʻlchaydigan olimlar bor. Insonni hatto okean tubida sodir boʻlayotgan voqealar ham qiziqtiradi.
Okean tubi 3657 metr chuqurlikka qadar yumshoq serbalchiq loy bilan qoplangani bizga maʼlum. U mayda dengiz organizmlarining ohakli skeletlaridan iborat. Okean tubining hayvonot va oʻsimlik hayoti u yerdan olingan balchiq namunalariga koʻra oʻrganiladi. Umuman olganda, koʻpchiligimiz shunchaki ulkan suv massasi deb hisoblaydigan okean aslida inson iloji boricha koʻproq oʻrganishni istagan ulkan va murakkab organizmdir. Okeanograflar esa uning tarkibidagi va uni tashkil etuvchi barcha narsalarni doimiy ravishda oʻrganib, okean haqidagi bilimlarimizni oshirib bormoqda.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.