Nega do‘l donalari turli o‘lchamga ega?
Do'l donasining hajmi nimaga bog'liq? Do'l nima?
2 min
Bizning olam

Momaqaldiroq tez-tez sodir boʻladigan ayrim joylarda sakkiz yuz momaqaldiroqdan biri yongʻoq kattaligidagi, besh mingdan biri esa tennis toʻpi kattaligidagi doʻl bilan birga keladi. Ehtimol, oʻz tajribangizdan boshqa oʻlchamdagi doʻl ham boʻlishi mumkinligini bilarsiz. Doʻl odatda iliq havoda tushadi va momaqaldiroq, chaqmoq, yomgʻir bilan birga keladi.

Doʻl yomgʻir tomchilari yerga tushishi yoʻlida sovuq havo qatlamidan oʻtib, muzlaganida paydo boʻladi. Alohida yomgʻir tomchilaridan juda kichik doʻl donalari hosil boʻladi. Kattaroq doʻl donalari ham xuddi shu tarzda paydo boʻladi, ammo kichik doʻl donalari pastga tushayotganida koʻtarilayotgan kuchli havo oqimiga duch kelib, yomgʻir tomchilari hosil boʻladigan yuqori qatlamga koʻtarilishi mumkin. Doʻl donasiga yangi tomchilar yopishadi va u yana sovuq qatlamlardan oʻtayotganida havodagi suv uni oʻrab olib muzlatadi va doʻl donasi hajmini oshiradi.

Doʻl donalari ulardagi qatlamlar soni koʻpaygunga qadar bir necha bor koʻtarilib tushishi mumkin va natijada ogʻirligi shunchalik oshadiki, ular koʻtarilayotgan havo oqimining kuchini yengib yerga tushadi. Diametri 8—10 santimetr va ogʻirligi 0,5 kg gacha boʻlgan doʻl donalari shu tarzda paydo boʻladi. Doʻl donalari qor mavjud hududlarga kirib qolganida, u ham donalar ustida muzlaydi. Shuning uchun ham doʻl koʻpincha qor va muz qatlamlaridan iborat boʻladi.

Ushbu tabiat hodisasi har yili katta zarar keltiradi. U javdar, bugʻdoy, paxta va tamaki kabi ekinlarni yakson qiladi, daraxtlarning barglarini toʻkishi, deraza oynalarni sindirishi va hatto hayvonlarni yaralashi mumkin.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!