20.02.2024
“Fizika va tabiiy fanlarni oʻrganishning nima keragi bor, men baribir hech qachon ulardan foydalanmayman”, deya koʻpgina talabalar shikoyat qiladi. Albatta, ular fizika va tabiiy fanlarning “foydasizligi” borasida nohaqdir. Barchamiz oʻzimiz bilib yoki bilmagan holatda kundalik hayotimizda fizika qonunlaridan bir necha bor foydalanishimiz, shubhasiz. Qish sovuq boʻladigan iqlim sharoitida yashovchi har bir kishi mashinasining radiatoriga antifrizni quyishi va barcha quvurlardan suvni toʻkib tashlashi kerakligini biladi. Agar buni qilmasa, radiatorda yoriq paydo boʻlishini, quvurlar esa yorilishi mumkin. Fizika qonunlari esa bu nega sodir boʻlishi mumkinligini tushuntiradi.
Masalan, moddalarning aksariyati suyuq holatdan qattiq holatga oʻtganida ularning hajmi kamayadi. Ammo suv bilan buning mutlaqo teskarisi yuz beradi. Hajm kamayish oʻrniga kengayadi va istalganicha emas, balki toʻqqizdan biriga koʻpayadi. Bu toʻqqiz litr suv muzlaganida, u 10 litr qattiq muzga aylanishini anglatadi. Endi suv radiator yoki quvurda muzlashini tasavvur qiling. Oʻn litr muz uchun toʻqqiz litr suvga qaraganda koʻproq joy talab qilinadi. Ammo radiator yoki suv quvurlari choʻzilmaydi. Ularda boshqa boʻsh joy qolmaydi. Shuning uchun, suv muzlaganida quvurlarni yorib, oʻzi uchun koʻproq joy egallaydi.
Ushbu tabiiy hodisaning eng eʼtiborga loyiq tomonlaridan biri bu — uning ulkan kuchi. Quvurlarning juda mustahkam metallardan yasalishi hammamizga maʼlum. Masalan, Finlandiyada bu kuchni ishlashga majbur qiladi. Bu quyidagicha amalga oshiriladi. Tosh konlarida toshli qoyalar yoriqlari suv bilan toʻldirilib, muzlash uchun qoldiriladi. Muzlagan suv pona vazifasini bajarib, ulkan kuchi tufayli juda katta qoyatosh massivlarini alohida tosh bloklarga parchalaydi. Muz suvdan koʻra koʻproq joy egallasa-da, u suvdan yengilroq boʻlib, uning yuzasida suzib yuradi. Shuning uchun katta miqdordagi suv hech qachon toʻliq muzlamaydi. Yuqoridagi muz qatlami pastdagi suvni muzlashdan himoya qiladi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.