Nega iglu ichkaridan erimaydi?

Garchi tosh va yogʻoch uylar eskimoslar orasida keng tarqalgan boʻlsa-da, bu shimoliy xalq aholisi hali ham maxsus vaziyatlarda yoki koʻchish paytida iglu quradi. Iglu tezda quriladi va har qanday ob-havoga bardosh bera oladi. Buning uchun qorda diametri 3 metrdan katta boʻlmagan doira chiziladi va uning ichidagi qor bosilib, yaxshilab zichlanadi. Soʻngra aylana ichidagi bu zichlangan qordan bloklar (gʻishtlar) kesib olinib, chizilgan doira tashqarisida devor teriladi. Buning uchun zarur qor bloklari faqat doira ichidan olinadi. Quriladigan iglu toʻnkarilgan qozon shaklini olishi uchun devorning har bir yangi ustki qatoridagi bloklar biroz markazga ogʻishtirib terib boriladi va oxirgi blok bilan yuqoridagi tuynuk yopiladi. Shundan soʻng barcha yoriq va tirqishlar yumshoq qor bilan berkitiladi.

Unchalik katta boʻlmagan igluni bir necha soat ichida qurish mumkin. Uy qurilganda, ishga ayol kirishadi. U dengiz mushugi yogʻidagi chiroqni yoqib, uni iloji boricha kuchli yondirishga harakat qiladi. Keyin kirish joyini qor bloki bilan mahkam yopadi. Qor ichkaridan eriy boshlaydi. Ammo uychaning tomi gumbaz shaklda boʻlgani sababli, suv tomchilamay asta-sekin bloklarga deyarli toʻliq singib ketadi. Bloklar suv bilan yetarlicha toʻyingach, u chiroqni oʻchirib, eshikni ochadi. Muzday havo ichkariga yopirilib kiradi va qisqa vaqt ichida suvga toʻyingan devorlar muzlab, moʻrt qor uy muzlagan gumbazga aylanadi. Endi u shunchalik mustahkamki, tom hatto oqayiq ogʻirligiga ham bardosh bera oladi va qulab tushmaydi. Shuningdek, u erimaydi ham. Bunday uyga bemalol joylashib, yashash mumkin.

Albatta, qish tugashi va harorat koʻtarilishi bilan iglu eriy boshlaydi va odatda birinchi boʻlib tomi qulab tushadi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!