Kristallar nima?
Hamma kristall kamyob va qimmatbahomi?
2 min
Bu nima?

Siz kristallarni noyob va chiroyli mineral yoki qimmatbaho tosh deb hisoblarsiz. Qisman siz haqsiz: zumrad va olmoslar kristallardir. Lekin hamma kristallar ham kamyob va chiroyli emas. Tuz yoki shakarning har bir zarrasi ham kristall. Atrofimizdagi koʻpgina keng tarqalgan moddalarning aksariyati kristallardir. Kristal bu — moddaning qattiq holati. U oʻzidagi atomlarning joylashuviga koʻra maʼlum bir shakl va qirralarga ega. Bir moddaning barcha kristallari turli oʻlchamlarda boʻlsa ham bir xil shaklga ega. Tabiatda kristall hosil qiluvchi yuzlab moddalar mavjud. Suv ularning eng keng tarqalganlaridan biridir. Muzlayotgan suv muz yoki qor parchalari kristallariga aylanadi.

Mineral kristallar ham maʼlum tosh hosil qiluvchi jarayonlar tufayli hosil boʻladi. Yer qaʼridagi juda koʻp miqdordagi qaynoq va erigan togʻ jinslari aslida mineral eritmalardir. Bu suyuq yoki erigan togʻ jinslari massasi yer yuzasiga chiqqanida, soviy boshlaydi. Bu jarayon sekin davom etadi. Minerallar qaynoq suyuqlik holatidan sovuq qattiq shaklga oʻtayotganda kristallarga aylanadi. Masalan, togʻ granitida kvars, dala shpati va slyuda kabi minerallarning kristallari mavjud. Million yillar oldin granit suyuq holatdagi erigan minerallar massasi boʻlgan.

Hozirgi vaqtda yer qobigʻida erigan togʻ jinslarining massalari mavjud boʻlib, ular asta-sekin sovib, har xil turdagi kristallarni hosil qiladi. Kristallar turli shakllarga ega boʻlishi mumkin. Dunyoda maʼlum boʻlgan barcha kristallarni 32 turga boʻlish, ularni esa oʻz navbatida oltita guruhda birlashtirish mumkin. Shuningdek, kristallar turli oʻlchamlarga ham ega boʻlishi mumkin. Baʼzi minerallar faqat mikroskop yordamida koʻrish mumkin boʻlgan kristallarni hosil qiladi. Boshqalari esa bir necha yuz funt ogʻirlikdagi kristallarni hosil qiladi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!