20.02.2024
Marjon (korall) dunyodagi eng qiziqarli va ajablanarli narsalardan biridir. Avvalo, qizil marjonlarning qadim zamonlardan beri qimmatbaho toshlar bilan bir qatorda qadrlanganini aytib oʻtish lozim. Ammo marjon bilan bogʻliq juda koʻp xurofotlar bundan ham koʻproq qiziqish uygʻotadi. Rimliklar xavf-xatarlarni bartaraf etish uchun bolaning boʻyniga marjon boʻlaklarini osib qoʻygan. Ular marjon kasallikning oldini olishi yoki davolashi mumkinligiga ishongan. Italiyaning ayrim joylarida “koʻz tegishi”dan himoyalanish uchun marjon haligacha taqiladi. Eng ajablanarlisi esa marjon dunyo geografiyasini oʻzgartirib yubordi.
Marjon koralli oʻzi nima? Bu korall polipi, ya’ni koʻplab mayda paypaslagichlarga ega mayda jelesimon dengiz organizmining skeleti. Polip oʻzini har tomondan oʻrab turuvchi kosa shaklidagi skeletni hosil qiladigan ohak moddasini ishlab chiqaradi. Dastlab polip suv ostidagi tosh yuzasiga yopishadi va undan yangi polip kurtaklaydi. Eski polip oʻlgach, tirik poliplar uning skeletida qolishda davom etadi va ustida esa yangilari kurtaklaydi. Avvalgilarining skeleti ustida poliplarning yangi avlodlari oʻsib borishi natijasida marjon shakllanishi sodir boʻladi. Shu tarzda qatlamlar oʻsib borishi tufayli okeanda ulardan orol va riflar hosil boʻladi. Bu organizmlar iliq va tropik suvda uchraydi.
Marjonlar asosan Tinch okeanining janubiy suvlari, Hind okeani, Oʻrta dengiz va Florida, Meksika va Gʻarbiy Hindiston qirgʻoqlari yaqinidagi suvda uchraydi. Juda yirik marjon koloniyalari oʻrab turuvchi riflar, toʻsiq riflari va atollar deb ataladi. Oʻrab turuvchi riflar qirgʻoq qoyalariga birikib, okeanga qaragan suvosti marjon maydonchalaridir. Toʻsiq riflari materik bilan bogʻliq boʻlmay, balki okeanda, qirgʻoqdan biroz masofada oʻsadi. Atollar esa halqa shaklidagi marjon orollaridir. Avstraliya qirgʻoqlarining Kvinslend hududida joylashgan katta toʻsiq rifi 1260 milyaga choʻzilgan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.